Hamkorlik memorandumi grant mablag‘larini jalb etishga xizmat qiladi
Mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash, kasbiy malaka tizimini rivojlantirish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yangi kasblarni shakllantirish borasida xalqaro hamkorlik kengaymoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ)ning Markaziy Osiyoda yashil iqtisodiyot uchun yashil ko‘nikmalar loyihasi rahbari Udo Folkers bilan uchrashdi.
Unda “yashil” iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash, kasbiy malaka tizimini rivojlantirish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yangi kasblarni shakllantirish borasida fikr almashildi.
Natijada Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda GIZ PROGRESS – “Professional Green Skills for Central Asia” xalqaro loyihasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida “yashil” kasblar uchun zamonaviy kasbiy standartlarni ishlab chiqish, qayta tiklanuvchi energiya va boshqa “yashil” tarmoqlar uchun malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, milliy malaka baholovchi ekspertlar korpusini shakllantirish nazarda tutilgan. Shuningdek, malaka baholash metodologiyasi va markazlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik amalga oshiriladi, deyiladi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotida.
Bu kabi tashabbuslar milliy malaka tizimini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va aholi uchun yangi bandlik imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
A.RUSTAMOV, O‘zA