Yangi hamkorlik va innovatsion taraqqiyot sari muhim qadam
Ko‘hna va navqiron Buxoro shahrida “Global raqobatbardoshlik uchun O‘zbekiston – Turkiya oliy ta’lim hamkorligini rivojlantirish” mavzusida o‘tkazilgan To‘rtinchi O‘zbekiston – Turkiya rektorlar forumi doirasida qator parallel seksiyalar tashkil etildi. Mazkur nufuzli anjuman ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi istiqbolli loyihalarni shakllantirish hamda xalqaro akademik aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Forum doirasida o‘tkazilgan seksiyalar oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, universitetlar va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda ta’lim sifatini oshirish kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlandi.
Forumning birinchi seksiyasi “Kelajak muhandislari: universitet–sanoat integratsiyasi va qo‘shma texnologik yechimlar” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Unda muhandislik ta’limini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni kuchaytirish va qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Qayd etilganidek, zamonaviy mehnat bozori raqobatbardosh va yuqori malakali muhandis kadrlarni talab etmoqda. Shu bois universitet va sanoat integratsiyasi bugungi kunning muhim vazifalaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Ikkinchi seksiya “Oliy ta’limda boshqaruv, sifat va ijtimoiy transformatsiya” mavzusiga bag‘ishlanib, unda ta’lim muassasalarida samarali boshqaruv tizimini joriy etish, ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholash hamda jamiyatdagi zamonaviy ijtimoiy o‘zgarishlarga mos ravishda oliy ta’limni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan ta’lim tizimini raqamlashtirish, xalqaro reytinglarda ishtirokni kengaytirish va akademik mustaqillikni ta’minlash borasida muhim takliflar bildirildi.
[gallery-29589]
“Tibbiy ta’lim, sport va pedagogikada innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar” mavzusida tashkil etilgan uchinchi seksiya esa ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda tibbiyot va pedagogika sohalarida raqamli platformalardan samarali foydalanish, innovatsion o‘qitish usullarini joriy etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar taqdim etildi.
Forum doirasida so‘zga chiqqan Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova mazkur uchrashuvlarning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bu kabi xalqaro anjumanlar nafaqat tajriba almashish, balki yangi qo‘shma tashabbuslar va istiqbolli hamkorlik loyihalarini shakllantirish uchun muhim maydon ekanini ta’kidladi.
— Bugungi forum O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ilm-fan, innovatsiyalar va zamonaviy ta’lim texnologiyalari sohasidagi hamkorlik har ikki davlat uchun manfaatli natijalar beradi. Ayniqsa, universitet va sanoat integratsiyasini kuchaytirish orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash imkoniyatlari yanada kengaymoqda, — dedi rektor.
Ta’kidlanganidek, mazkur seksiyalar ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.
Forum yakunida O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 50 dan ortiq memorandum va hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Ushbu hujjatlar akademik mobillikni rivojlantirish, qo‘shma fakultet va ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, forum ishtirokchilari Buxoroning betakror tarixiy muhiti bilan yaqindan tanishib, ko‘hna shahardagi madaniy meros ob’ektlari va tarixiy obidalarni ziyorat qilishdi. Bu esa mehmonlarda O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati va mehmondo‘stligi haqida yanada yorqin taassurot qoldirdi.
Mazkur forum O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, oliy ta’lim sohasida yangi imkoniyatlar eshigini ochish hamda kelajakdagi qo‘shma innovatsion taraqqiyot uchun mustahkam asos yaratgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari