Halol mehnat yuzaga chiqadi
Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi 4-umumta’lim maktabi informatika fani o‘qituvchisi Odinaxon Teshaboyeva noan’anaviy usullar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida dars o‘tishga alohida e’tibor qaratadi.
Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi 4-umumta’lim maktabi informatika fani o‘qituvchisi Odinaxon Teshaboyeva noan’anaviy usullar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida dars o‘tishga alohida e’tibor qaratadi. Darsni erkin, turli ko‘rgazmali vositalar asosida qiziqarli o‘tish orqali o‘quvchilarda fanga qiziqishni oshiradi. Bu fanni puxta o‘zlashtirgan o‘quvchilari safi kengayib borishi, shogirdlarining ko‘pchiligi bilimlar bellashuvi hamda fan olimpiadasining tuman, viloyat bosqichlarida muntazam g‘oliblar qatoridan joy olishining boisi shunda.Mutaxassislarning fikricha, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizga tobora singib borayotgan hozirgi vaqtda ulardan foydalanishni barcha, ayniqsa, pedagoglar yaxshi bilishi kerak. Bu yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ularni bugungi kun talabi darajasida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Buni yaxshi tushungan muallima tashabbus ko‘rsatib, 2011-yilda o‘zi ishlayotgan maktabda tuman maktablari o‘qituvchilarini AKTlardan foydalanishga o‘rgatish maqsadida “Kompyuter savodxonligi” kursi tashkil etdi. Tumandagi yuzlab o‘qituvchi va o‘quvchilar ana shu kursda tahsil olib, informatika, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va malakasini oshirdi.
Prezidentimizning 2012-yil 21-martdagi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Odinaxon tashkil etgan kurs faoliyatini yanada kengaytirishga asos bo‘ldi. Qaror ijrosi doirasida tumandagi ko‘plab korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik o‘rnatildi. Ularning xodimlari ushbu kursda AKTlarda ishlash bo‘yicha puxta bilimga ega bo‘ldi. Natijada tuman miqyosida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, ayniqsa, ish jarayonida internetdan foydalanish ko‘lami kengaydi.
O.Teshaboyeva doimo izlanadi, o‘qiydi. Halol mehnat yuzaga chiqadi, deganlaridek, matematika fanidan 5-, 6-sinf o‘quvchilari uchun “Kasrlar ustida amallar bajarish”, informatika fanidan “Excel dasturini o‘rganuvchilar uchun o‘quv qo‘llanma” darsliklarini yaratdi. O‘quvchilarning malakali bilim olishi, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgan bu qo‘llanmalar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Ta’lim sohasi fidoyilikni talab etadi. Qolaversa, kimki o‘z ishiga astoydil yondashsa, zimmasidagi vazifani mehr bilan ado etsa, albatta, rag‘batini oladi. O‘qituvchi hayotidan qiyos. Masalan, uning mehnati Prezidentimiz tomonidan taqdirlandi. Mamlakatimiz mustaqilligining 24-yillik bayrami arafasida yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faol ishtiroki, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shgan hissasi uchun Odinaxon Teshaboyeva “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoni bilan mukofotlandi.