Guruh komandirlari uchun o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi
Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchining kasbiy mahorati, jismoniy chiniqqanligi va har qanday vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati Qurolli Kuchlar jangovar salohiyatining muhim omili hisoblanadi.
Shu maqsadda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida xizmat qilayotgan guruh komandirlari ishtirokida o‘quv-uslubiy yig‘in tashkil etildi. Mazkur yig‘in guruh komandirlarining nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini yanada takomillashtirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda zamonaviy jangovar harakatlarni boshqarish bo‘yicha malakasini oshirishga xizmat qildi.

Yig‘in davomida ishtirokchilar harbiy xizmatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha sinovlardan o‘tkazildi. Jumladan, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida 100 metrga suzish, 5 kilometr masofaga yugurish hamda boshqa me’yoriy mashqlar bajarildi. Saf tayyorgarligi bo‘yicha safda qurol bilan va qurolsiz harakatlanish, buyruqlarni aniq va mukammal bajarish ko‘nikmalari baholandi.

Taktik-tezkor tayyorgarlik mashg‘ulotlarida jangovar vaziyatni tahlil qilish, hujumni tashkil etishda guruh komandirining vazifalari hamda bo‘linmalarni boshqarish bo‘yicha amaliy mashqlar bajarildi. Artilleriya tayyorgarligi yo‘nalishida olovni boshqarish, nishonlarni aniqlash va o‘t ochishni muvofiqlashtirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar sinovdan o‘tkazildi.

Shuningdek, zamonaviy jangovar harakatlarning ajralmas qismi bo‘lib borayotgan uchuvchisiz uchish apparatlaridan samarali foydalanish va ularni boshqarish, topografik oriyentirlash, joyni aniqlash hamda otish tayyorgarligi mashg‘ulotlari bo‘yicha ham test va amaliy sinovlar tashkil etildi. Har bir ofitserning bilim darajasi, kasbiy tayyorgarligi va boshqaruv salohiyati belgilangan mezonlar asosida baholandi.
Yig‘in davomida bo‘linmalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni shakllantirish, harbiy xizmatchilarning ruhiy barqarorligini oshirish hamda murakkab vaziyatlarda qat’iyat bilan harakat qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Psixologik tayyorgarlik mashg‘ulotlari orqali guruh komandirlarining stressga chidamliligi, sardorlik qobiliyati va shaxsiy tarkib bilan ishlash mahorati yanada mustahkamlandi.
Bugungi zamonaviy harbiy xizmat yuqori bilim, mustahkam iroda, jismoniy chiniqqanlik va ilg‘or texnologiyalarni puxta egallashni talab etadi. Ana shunday o‘quv-uslubiy yig‘inlar guruh komandirlarining kasbiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqib, har qanday vazifani yuqori mas’uliyat va fidoyilik bilan bajarishga tayyor bo‘lgan malakali komandirlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri