“Green University”da ehtiyojmand oilalar farzandlari bepul o‘qitiladi
Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar farzandlarini ta’limga jalb etish va ularning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufidagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) tomonidan ana shu maqsadga qaratilgan amaliy loyiha yo‘lga qo‘yildi.
Unga ko‘ra, universitet tomonidan Toshkent tumanida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand oilalardagi yoshlar uchun bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Kurslar ingliz tili, ekologiya hamda dasturlash yo‘nalishlarida olib boriladi.
Ushbu kurslar yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy kasblarni egallashlariga ko‘maklashish hamda ularning kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA