Global taraqqiyot arxitekturasi: Yangi O‘zbekistonning strategik tashabbuslari va ishonchli hamkorlik modeli
Munosabat
Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Geoiqtisodiy xarita qayta chizilayotgan, an’anaviy bozorlar o‘rnini raqamli texnologiyalar va yangi logistika zanjirlari egallayotgan bir davrda yashayapmiz. Mana shunday murakkab sharoitda o‘tkazilgan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi jahonning navbatdagi eng nufuzli muloqot maydonidan biriga aylandi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Sankt-Peterburg – nafaqat Rossiyaning madaniy poytaxti, balki o‘zbek xalqi bilan tarixiy, ma’naviy va insoniy taqdir iplari orqali bog‘langan qadrdon kenglikdir. Buni tarixning eng og‘ir sinovlarida xalqlarimiz bir-biriga yelkadosh bo‘lgani misolida ham ko‘rish mumkin. Urush yillarida minglab o‘zbekistonliklar Leningrad mudofaasida jon fido qilgani, bag‘rikeng Toshkent esa bir yarim milliondan ortiq evakuatsiya qilingan bolalar, ayollar va keksalarga o‘z uyidan joy berib, mehr ulashgani umumiy ma’naviy makonimizning o‘chmas sahifasidir.
Neva bo‘yida bo‘lib o‘tgan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida nafaqat o‘tmish yodga olindi, balki global iqtisodiyotning ertangi kuni muhokama qilindi. Hozir dunyo chuqur qayta qurish jarayonini boshidan kechirmoqda. Xususan, transport yo‘nalishlari shiddat bilan o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmoqda. Sun’iy intellekt barcha sohalarga kirib bormoqda. Energetik, oziq-ovqat va raqamli xavfsizlik tushunchalari tubdan yangilanmoqda. Mana shunday beqarorlik sharoitida o‘z atrofida kooperatsiya, barqarorlik va o‘zaro manfaatdorlik muhitini yarata oladigan davlatlarning qadri har qachongidan ham yuqori bo‘lmoqda.

Bizga endi nafaqat oddiy yo‘llar yoki quvurlar, balki raqamli, to‘lov va ishlab chiqarish tizimlari integratsiyalashgan sifat jihatidan yangi bog‘liqlik kerak. Chunki kuchli, birlashgan va ochiq Markaziy Osiyo barcha xalqaro sheriklarning strategik manfaatlariga xizmat qiladi.
Jumladan, O‘zbekiston uchun Rossiya shunchaki qo‘shni emas, u vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherik va ittifoqchidir. Bugungi kunda ikki davlat munosabatlari mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Biz oddiy savdo-sotiq bosqichidan o‘tib, murakkab sanoat zanjirlari va texnologik alyanslar tuzish yo‘liga o‘tdik.
Raqamlar tili bilan aytganda, so‘nggi 10 yilda o‘zaro tovar aylanmasi 3 barobardan ziyod o‘sib, 13 milliard dollarga yetdi. Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 50 milliard dollardan oshdi. Hududlararo loyihalar hajmi 5 milliard dollarni tashkil etmoqda va yana shuncha hajmdagi yangi investitsiyalar paketi tayyorlanmoqda. Moskva, Sankt-Peterburg, Tatariston, Boshqirdiston kabi Rossiya hududlari bilan energetika, mashinasozlik, kimyo va to‘qimachilik sohalarida o‘nlab qo‘shma sanoat parklari va vagonsozlik klasterlari muvaffaqiyatli ishlab turibdi.
Energetika sohasidagi hamkorlik uzoq yillik strategik maqsadlarga qaratilgan. Jumladan, O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida birinchi gibrid atom elektr stansiyasi (AES) qurilishiga poydevor qo‘yildi. Bu loyiha mamlakatimiz uchun yangi milliy muhandislik maktabini yaratish va eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish demakdir. Bundan tashqari, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va ilm-fanda ham tinchlik atomidan birgalikda foydalaniladi.
Qolaversa, bugungi zamon ikki tomonlama aloqalar doirasidan chiqib, kengroq makonlarda kooperatsiya qilishni talab etmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston tomonidan “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni shakllantirish g‘oyasi ilgari surildi. Bu – yagona raqamli platforma bilan birlashtirilgan ishlab chiqarish va texnologik klasterlar tizimidir. U kadrlar tayyorlashdan tortib, mahsulotni mahalliylashtirish va tashqi bozorlarga chiqishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni qamrab oladi.
Bugungi kunda infratuzilma deganda faqat quvur yoki yo‘llar emas, balki raqamli platformalar tushuniladi. Rossiya marketpleyslari va raqamli servislari orqali o‘zbek mahsulotlari savdosi hajmi so‘nggi yillarda 3,5 barobar o‘sib, 1,5 milliard dollardan oshdi. Endigi qadam qo‘shma Raqamli ekotizimni yaratishdir. Bu tizim raqamli savdoni tartibga solish, brendlarni birgalikda ilgari surish va sun’iy intellekt asosida yangi xizmatlarni joriy etishni o‘z ichiga oladi.
Har qanday iqtisodiy islohotning markazida inson va uning baxti turishi kerak. O‘zbekiston dunyodagi eng yosh mamlakatlardan biri, aholining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Bu biz uchun ulkan rivojlanish quvvati va kelajak demakdir. Yoshlarga nafaqat bilim berishimiz, balki ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratishimiz zarur. Hozirda O‘zbekistonda Rossiya oliy ta’lim muassasalarining 15 ta filiali faoliyat yuritmoqda va bu Rossiyaning xorijdagi eng yirik universitetlar tarmog‘idir. Toshkent va Olmaliqda ilk qo‘shma muhandislik maktablari ochildi.
Chekka hududlardagi yoshlarga ham dunyo darajasidagi bilimlarni yetkazish uchun Inson kapitalini rivojlantirish qo‘shma onlayn-platformasini yaratish tashabbusi ilgari surildi. Bu tizim ta’lim dasturlari, IT-kurslar va yosh tadbirkorlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish beruvchilar bilan bog‘laydigan raqamli ko‘prik bo‘ladi. Bu biznes uchun tayyor kadrlar bazasi, ikki davlat uchun esa inson omiliga tikilgan eng oliy sarmoyadir.
Bizning navbatdagi marramiz – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida iqtisodiyot hajmini yana bir yarim barobarga oshirib, 240 milliard dollardan ko‘proqqa yetkazishdir. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar qisqa muddatlarda o‘z natijasini bermoqda. Xususan, mamlakatimiz joriy yilning o‘zida Iqtisodiy erkinlik indeksida 14 pog‘ona yuqoriladi. London fond birjasida O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining aksiyalari ilk bor xalqaro savdoga chiqdi. Eng ilg‘or standartlar asosida ishlaydigan, investorlarga soliq imtiyozlari va to‘laqonli huquqiy kafolat beradigan Toshkent xalqaro moliya markazi o‘z faoliyatini boshladi.
16-18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi jahon biznesi uchun Yangi O‘zbekiston imkoniyatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun eng zo‘r imkoniyatdir.
Umuman olganda, xalqaro maydonda olib borilayotgan ochiq va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot barqarorlikning yagona kafolatidir. Sababi, ishonch va hamkorlik bor joyda doimo yangi imkoniyatlar tug‘iladi. O‘zbekiston va Rossiya sherikligi mana shunday samarali iqtisodiy model sifatida dunyoga namuna bo‘la oladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA