Ratsionalizatorlik taklifi – resurs tejamkorligi va innovatsion yondashuv samarasi
Yangi O‘zbekistonda sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda korxonalarda innovatsion g‘oyalar va ratsionalizatorlik takliflarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etib, ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishchi-xodimlarni texnik ijodkorlikka keng jalb etish, ilg‘or g‘oyalarni amaliyotga tatbiq qilish va resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan. Korxonada har yili o‘tkazib kelinayotgan “Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi” tanlovi ana shunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Navbatdagi tanlovda 281 nafar ishtirokchi tomonidan geologiya, konchilik, energetika, mexanika, transport, avtomatlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xavfsizlik texnikasi va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 257 ta ratsionalizatorlik taklifi taqdim etildi.
Tanlovning energetika yo‘nalishida “Qizilqum” kon boshqarmasi bosh energetigi Bekzod Atabayev tomonidan taqdim etilgan takliflar yuqori baholandi.

– Tanlovda “Pistali” konida karer va drenaj suvidan 6-gidrometallurgiya zavodining texnologik ehtiyojlari uchun foydalanish” mavzusidagi ratsionalizatorlik taklifi bilan ishtirok etdim, – deydi B.Atabayev. – Mazkur loyiha doirasida avval foydalanilmasdan chiqarib tashlangan drenaj suvlari maxsus quvurlar orqali yig‘ilib, nasoslar yordamida katta hajmli suv omborlariga yetkaziladi. Keyin esa ushbu suv 6-gidrometallurgiya zavodining texnologik jarayonlarida qo‘llaniladi. Shu tariqa tabiiy suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish ta’minlanib, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun qo‘shimcha manba yaratiladi. Taklif hakamlar tomonidan suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish borasida muhim yechim sifatida e’tirof etildi.
Bu kabi innovatsion yondashuvlar mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish, suv resurslarini asrash va sanoat korxonalarida resurs tejovchi texnologiyalarni tatbiq etishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasidir.
Eng muhimi, mazkur ratsionalizatorlik taklifi nafaqat suv sarfini kamaytirish, balki ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash, xarajatlarni qisqartirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga ham xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri