Germaniya 2 milliard yevrolik harbiy loyihadan voz kechdi
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius dunyoning eng yirik harbiy kemalaridan biriga aylanishi kutilgan F-126 fregati loyihasini qayta ko‘rib chiqmoqda. Hozirgacha 2,3-2,4 milliard yevro sarflanganiga qaramay, Berlin endi kichikroq va samaraliroq boshqacha harbiy kemaga e’tibor qaratmoqchi.
F-126 loyihasi ilk bor Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Germaniya mudofaa vaziri bo‘lgan davrda boshlangan. Keyinchalik muayyan kechikish va texnik muammo yuzaga keldi. Oxirgi rejaga ko‘ra, ilk kema 2029-yil topshirilishi kerak edi.
Germaniya matbuoti xabar berishicha, hukumat endilikda sakkizta MEKO A-200 turidagi fregat sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu kemalar “Thyssen Krupp Marine Systems” – TKMS kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Har bir kemaning qiymati taxminan 1,6 milliard yevroni tashkil etadi. Yangi ko‘rinishdagi fregatlar F-126 bilan solishtirilganda ancha kichik. Masalan, F-126 uzunligi 166 metr, suv sig‘imi 10 500 tonna bo‘lishi kerak edi. MEKO A-200 esa 120 metr uzunlikka va 4,2 ming tonna suv sig‘imiga ega.
Qizig‘i shundaki, kema hajmi kichraysa-da, buyurtma miqdori oshmoqda. Ilgari 6 fregat xarid qilinishi rejalashtirilgan, endi bu raqam 8 taga yetadi. Voqea fond bozoriga ham ta’sir qildi. Xabarlar ortidan TKMS aksiyasi taxminan 10 foiz ko‘tarilib, “Rheinmetall” aksiyasi arzonladi. Zero, F-126 loyihasi uchun mas’ul “Lürssen Naval Vessels” kompaniyasi 2025-yil “Rheinmetall” tarkibiga qo‘shilgan.
Mazkur qaror Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan ham bog‘liq. Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya Hurmuz bo‘g‘ozida xavfsizlik amaliyotida ishtirok etish imkoniyatini muhokama qilyapti. Nemis harbiy-dengiz kuchlari allaqachon mintaqaga “Fulda” fregati va “Mosel” ta’minot kemasini yuborgan.
Kuzatuvchilar fikricha, ayni payt Germaniya harbiy strategiyasi muhim o‘zgarishni boshdan kechirmoqda. Mamlakat endi ulkan va qimmat harbiy platformadan ko‘ra, tezkor harakat qilish imkoni yuqori kemalarga ustuvorlik bermoqda. Bu Yevropada xavfsizlik muhiti o‘zgarayotganining yana bir belgisi sifatida baholanyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA