Gender muvozanati indeksi bo‘yicha ijobiy siljish
O‘zbekiston Gender muvozanati indeksi bo‘yicha 2026-yilda ijobiy siljishga erishdi. “Rasmiy pul-kredit va moliyaviy institutlar forumi” tomonidan yuritiladigan indeks hisobotiga ko‘ra, mamlakatimiz Markaziy banki reytingda 10 pog‘onaga yuqorilab, 174-o‘rindan 164-o‘ringa ko‘tarildi.
«Oila va gender» ilmiy tadqiqot instituti ma’lumotiga ko‘ra, ushbu indeks 2014-yildan boshlab yuritib kelinadi va markaziy banklar, tijorat banklari, pensiya jamg‘armalardagi gender muvozanatini o‘rganadi. Indeks metodologiyasi umumiy ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha emas, balki moliyaviy institutlar rahbariyati tarkibi orqali baholaydi.
2026-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy saytida boshqaruv tarkibida rais, birinchi o‘rinbosar va o‘rinbosarlar faoliyati ko‘rsatilgan. Shuningdek, “Bosh direktorlar” bo‘limida Moliyaviy ommaboplik bo‘yicha bosh direktor hamda Loyihalar, jarayonlar va ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha bosh direktor lavozimlarida ayollar faoliyat yuritayotgani qayd etilgan.
Aynan ushbu omil O‘zbekistonning Gender Muvozanati Indeksi bo‘yicha 2026-yilda ma’lum darajada o‘sishiga ta’sir qilgan muhim omillardan biri sifatida baholanishi mumkin. Ya’ni, ayollarning strategik va funksional boshqaruv lavozimlarida paydo bo‘lishi moliya tizimida gender vakilligi asta-sekin kengayayotganini anglatadi.
N.Usmonova, O‘zA