Gaz ta’minotida raqamli monitoring ishga tushirildi
Bugungi kunda kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari tomonidan aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yangiqo‘rg‘on tumani Namangan viloyatining chekka va asosan adirliklardan iborat hududi hisoblanib, aholiga tabiiy va suyultirilgan gazni uzluksiz yetkazish borasida raqamlashtirish imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanilmoqda.

"Yangiqo‘rg‘on tumangaz" gaz ta’minoti bo‘limining gaz ta’minoti ob’ektlarini texnik tiklash va ishlatish xizmati xodimlari “ArcGIS Quick Capture” ilovasi orqali har kuni bajarilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlarni “ArcGIS–HGT Onlayn boshqaruv” tizimiga onlayn tarzda yuborishmoqda.
Jarayonlar natijasida tizimga kelib tushgan ma’lumotlar avtomatik ravishda umumlashtirilib, tahlil qilinadi. Natijada har bir xodimning mehnat faoliyati, shuningdek, lavozim yo‘riqnomasida belgilangan vazifa va majburiyatlarning to‘liq hamda sifatli bajarilishi ustidan doimiy nazorat olib borish imkoniyati yaratildi.

– Sohamizda raqamlashtirish jarayonlarining kengayishi gaz quvurlari va qurilmalarini masofadan turib onlayn nazorat qilish, yuzaga keladigan avariya va nosozliklarni tezkor aniqlash hamda ularni qisqa fursatda bartaraf etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi, – deydi “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati “"Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali direktori Ibrohimjon Mamajonov. – Bu esa, o‘z navbatida, gaz ta’minoti tizimining barqaror ishlashini ta’minlash hamda iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA