Taktik o‘quv mashg‘uloti
Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarligida “Fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida “O‘ztransgaz” AJ G‘allaorol MGQBga qarashli Yangiyer 3B-KS sanoat maydonida maxsus taktik o‘quv mashqi tashkil etildi.
Mazkur mashg‘ulot favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda tezkor xizmatlarning tayyorgarlik darajasini oshirish, hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro muvofiq harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda real vaziyatga yaqin sharoitda amaliy harakatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida o‘tkazildi.

O‘quv mashqi davomida shartli ravishda yuzaga kelgan yong‘in holati ssenariysi asosida tezkor xizmatlar jalb etildi. Ularning hodisa joyiga yetib borishi, vaziyatni tezkor baholashi, yong‘inni bartaraf etish va ehtimoliy jabrlanganlarni qutqarish bo‘yicha amaliy harakatlari bosqichma-bosqich sinovdan o‘tkazildi.

Jarayonda qutqaruv xizmatlari, yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari hamda tegishli hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlar alohida baholandi. Shuningdek, ishtirokchi kuch va vositalarning tayyorgarlik darajasi, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati hamda amaliy harakatlar samaradorligi tahlil qilindi.

– Bunday maxsus-taktik o‘quv mashqlari favqulodda vaziyatlarda tezkor va samarali harakat qilish, aholi xavfsizligini ta’minlash hamda idoralararo hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi kapitan Davron Sulaymonov.
G‘ulom Primov, O‘zA