Gaz ta’minoti va mahalla tizimi hamkorligi yangi bosqichga chiqadi
Namangan viloyatida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash, shuningdek, mavjud muammolarni tezkor hal etish borasida muhim amaliy qadam tashlandi.
“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali hamda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur tadbirda Mahallalar uyushmasining viloyat boshqarmasisi rahbari Ahadjon Mirzayev, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktori Ibrohimjon Mamadjonov hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, gaz ta’minoti tizimidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Imzolangan memorandum Namangan viloyatining shahar va tumanlarida iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berishni ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini joyida o‘rganish va tezkor hal etish, shuningdek, gaz ta’minotiga oid muammolarni oldindan aniqlashga qaratilgan.

– Hamkorlik doirasida joylardagi gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni mahalla tizimi orqali aniqlash va bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Nasiba Abdullayeva. – Bu esa aholining murojaatlarini qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish va ularning yechimini ta’minlash imkonini beradi. Qolaversa, memorandumda sohani raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, gazdan xavfsiz foydalanish qoidalarini keng targ‘ib qilish hamda aholiga sohadagi yangiliklar haqida muntazam axborot berib borish vazifalari ham belgilab qo‘yilgan.

Darhaqiqat, ushbu hamkorlik kelishuvi tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA