GameDev industriyasi: O‘zbekistonni mintaqaviy markazga aylantirish sari dadil qadamlar tashlanmoqda
Jahon o‘yin industriyasi jadal transformatsiya bosqichiga kirgan bir paytda O‘zbekiston ham GameDev va lokalizatsiya yo‘nalishida yangi o‘sish nuqtasi sifatida shakllanmoqda. Mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar bu sohaning tez sur’atlarda o‘sishiga zamin yaratmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda 70 dan ortiq GameDev kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ularda 750 dan ziyod malakali mutaxassis mehnat qilmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, soha eksporti 82,3 million dollardan oshib, O‘zbekistonning xalqaro raqamli xizmatlar bozoridagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatda shakllanayotgan yosh va moslashuvchan ekotizim qisqa vaqt ichida raqobatbardosh o‘yin mahsulotlari yaratish va ularni jahon bozoriga olib chiqish imkoniyatini bermoqda. Ayniqsa, mobil o‘yinlar, autsorsing xizmatlari va kontent lokalizatsiyasi yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda.
Xalqaro hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarilgan. Jumladan, Koreya Respublikasi bilan hamkorlik doirasida Seul shahrida IT Park vakolatxonasi ochildi. "Local2Global.Korea" dasturi ishga tushirilib, mahalliy studiyalarning xorijiy bozorlarga chiqishi qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu orqali xalqaro kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalar soni ortib bormoqda.
Shuningdek, mamlakatda GameDev sohasi uchun kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Oliy ta’lim muassasalarida tegishli yo‘nalishlar ochilmoqda, IT Park va xususiy studiyalar tomonidan amaliy o‘quv dasturlari tashkil etilmoqda. Bu esa yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi va yuqori daromadli sohalarga kirib kelishini ta’minlamoqda.
Nigora Rahmonova,
O‘zA