Futzal: yoshlar terma jamoamiz yangi mavsum oldidan yig‘inga kirishdi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga qarashli Terma jamoalar markazi sport zalida futzal bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining yangi mavsum oldidan ilk o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini boshlandi.
O‘tgan mavsumda mamlakat birinchiligi hamda O‘FF Prezidenti kubogi bahslarida ishtirok etgan, shuningdek, Oliy liga klublari safida o‘z iqtidorlarini namoyon etgan yosh futzalchilar ushbu yig‘inga jalb etildi.
Bosh murabbiy Nodir Eliboyev boshchiligidagi murabbiylar shtabi qo‘l ostida futzalchilar kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

– Yoshlar bilan tez-tez yig‘inlar o‘tkazib turish ularning o‘yin amaliyotini saqlab qolish va jamoaviy bog‘lanmalarni mustahkamlash uchun juda zarur. Hozir egallanayotgan futzal sir-asrorlari terma jamoamiz futbolchilarining mahoratini yanada sayqallab, kelgusida yuqori cho‘qqilarni zabt etishlariga xizmat qiladi. Zero, aynan mana shu yoshlar mamlakat milliy terma jamoasining ertangi kuni hisoblanadi. Qolaversa, yil oxirida futzalchilarimizni bir qator mas’uliyatli musobaqalar kutib turibdi. Shu bois, turli kombinatsiya va jamoaviy bog‘lanmalarni imkon borida mustahkamlab olishimiz kerak, — deydi Nodir Eliboyev.
Yig‘in 5-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA