Frank-Valter Shtaynmayer: O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar yanada yaqinlashayotganidan mamnunman
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rafiqasi hamrohligida 17–18-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston – Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalar hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Oliy martabali mehmon 18-iyun kuni mamlakatimizning noyob durdonasi, o‘tmish va kelajakni bir nuqtada uyg‘unlashtirgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Shu yerda Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer jurnalistlarga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Islom sivilizatsiyasi markazi. E’tibor bering, bu din emas, balki sivilizatsiya markazi. Chunki u ilmiy-ma’rifiy muassasa sifatida Markaziy Osiyoning islomdan avvalgi va islomiy davr tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan. Haqiqatan ham juda ta’sirchan majmua. Biz bu yerga mamlakat madaniyati va tarixini yaqindan o‘rganish maqsadida ham keldik.
Tashrifning birinchi kunida asosiy e’tibor Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan siyosiy muzokaralarga qaratildi. Uchrashuvlarda siyosiy hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiy hamkorlik haqida gapiradigan bo‘lsak, Germaniya texnologiyalari bu yerda yaxshi tanilgan va yuqori baholanadi. Nemis kompaniyalari allaqachon O‘zbekistonda sezilarli iz qoldirgan. Biroq bu bilan qanoatlanib qolish kerak degani emas. Shu sababli mamlakatingizga iqtisodiy delegatsiya bilan kelishni nafaqat foydali, balki zarur deb bildim.
“Volkswagen” O‘zbekistonda zavod qurish va uni boshqarish haqida qaror qabul qildi. “Rhenus Group” yirik logistika markazini tashkil etmoqda, “Henkel” esa O‘zbekistonga investitsiya kiritishga qaror qildi. Bu Germaniya biznesining O‘zbekistonga investitsiya kiritishga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada ortganini ko‘rsatadi. Buning sababi Markaziy Osiyoning geografik joylashuvi bilan ham bog‘liq. Aynan shuning uchun men bu mintaqaga yigirma yildan ortiq vaqt davomida qiziqib kelaman va muntazam tashrif buyuraman.
Germaniya nuqtai nazaridan qaraganda, bu hudud Sharqiy Osiyo bilan Yevropani bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaradi. O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoda ushbu ko‘prik vazifasini o‘z siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib kelayotgan davlatlardan.
O‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish uchun imkoniyatlar keng. Yaqinda migratsiya va mobillik bo‘yicha yangi bitim imzolandi. U O‘zbekistonda tayyorlangan malakali mutaxassislarni Germaniyada ish bilan ta’minlash jarayonini avvalgiga nisbatan ancha osonlashtiradi.
Bugungi kunda malakali mutaxassislar uchun xalqaro raqobat mavjud. Germaniya ham bu raqobatni qabul qilishi kerak, deb hisoblayman. Chunki bizning imkoniyatlarimiz yaxshi. Hozir O‘zbekistonda 400 mingdan ortiq kishi nemis tilini o‘rganmoqda. Nemis tili va Germaniyaga bo‘lgan qiziqish esa tobora ortib bormoqda.
Bu tashrif nafaqat siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, balki ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada yaqinlashtirishga ham xizmat qiladi
O‘zbekiston va Germaniya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar yanada yaqinlashayotganidan minnatdorman.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
Sarvar O‘RMONOV (surat),
O‘zA muxbirlari