Forishda 33 ming aholiga mo‘ljallangan shahar barpo etilmoqda
Prezident tashabbuslari – amalda
Forish tog‘lar bag‘rida, keng ochiqliklar bilan tutashgan o‘ziga xos hudud. Jizzax viloyatining qariyb yarmini egallaydigan bu tumanda Nurota tog‘larining qoyali yonbag‘iri, tog‘oldi adirlari va cho‘lsimon kengliklar bir-biriga tutashib ketadi. Bu yerning tabiati ham, manzarasi ham boshqa hududlardan farq qiladi.
Bugun esa Forishning ana shu kengliklarida tabiiy manzaraga yangi bir muhit qo‘shilmoqda. Tog‘lar bag‘rida hozircha baland binolar emas, qurilish maydonlari ko‘zga tashlanadi. Ammo bu yerdagi ishlar oddiy qurilish ob’ektidan ancha katta. Bugun u yerda yangi shaharning poydevori qo‘yilmoqda.
Bir tomonda O‘zbekistondagi birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilayotgan bo‘lsa, uning yonida qariyb 33 ming kishi yashaydigan zamonaviy shahar qurilyapti.

2-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi hamda unga yondosh zamonaviy shaharcha barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi. Loyihaga ko‘ra, atomchilar shaharchasi 200 gektar maydonda joylashadi. Bu yerda qariyb 33 ming aholi uchun 10 mingga yaqin xonadon quriladi. Uy-joylarni qurishda zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi, muqobil energiya manbalari va “aqlli” yoritish tizimlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Shaharning o‘ziga bunday keng ko‘lam berilayotgani bejiz emas. AES kabi murakkab texnologik ob’ektning ishlashi uning yonidagi binolar bilan emas, avvalo, odamlar bilan bog‘liq. Muhandis, operator, texnik xodim, radiatsiya xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis yillar davomida shu yerda ishlaydi. Ularning oilasi ham shu hududda yashashi uchun maktab, tibbiyot, xizmat ko‘rsatish va boshqa zarur sharoitlar bo‘lishi kerak.
AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdijamil Kalmuratov shaharchaning aynan shu jihatiga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur hududga shunchaki vaqtinchalik vaxta posyolkasi sifatida qarab bo‘lmaydi. Bu yerda yuqori malakali mutaxassislar o‘z oilalari bilan farovon istiqomat qilishlari uchun barcha qulayliklar va mukammal infratuzilma yaratiladi.
Shahar odamlar uchun qurilayotgan ekan, uning xavfsizligi masalasi ham birinchi o‘ringa chiqadi. Ayniqsa, gap atom energetikasi ob’ekti yonida barpo etilayotgan yangi aholi punkti haqida ketar ekan, bu talab yanada muhim.
Shu maqsadda O‘zbekistonda AES maydonini tashqi ta’sirlar nuqtai nazaridan baholash bo‘yicha 2023-yilda MAGATE missiyasi o‘tkazilgan.
– Shaharchaning birinchi bosqichi 50 gektarga mo‘ljallangan bo‘lib, 10 mingta aholiga mo‘ljallangan, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zatom agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev. – Undan tashqari, tashqi muhandislik infratuzilmalari, ya’ni suv olib kelish, elektr tarmoqlari, yo‘l va temir yo‘l qurilishining hammasi bo‘yicha Prezidentimizga hisobot kiritdik. Davlatimiz rahbari tomonidan har doimgidek berilgan jiddiy topshiriqlar bu sifat, muddat va xavfsizlikdir. Ushbu uchta tamoyilni inobatga olgan holda, ishimizni amalga oshiramiz. Birinchi bosqichni esa 2029-yilga mo‘ljallayapmiz. Unda birinchi blok, ya’ni 55 megavattli birinchi bosqich ishga tushiriladi. Yana olti oydan so‘ng ikkinchisida ham yana 55 megavattli blok ishga tushadi. Jami 110 megavatt quvvat bo‘ladi.
Bu raqamlarning ortida yana bir jarayon hudud iqtisodiyotining harakatga kelishi turibdi. Yangi yo‘l, tarmoq va qurilishlar stansiyaning ehtiyojini qoplash bilan birga, mahalliy tadbirkorlar uchun ham yangi buyurtmalar va bozor paydo qiladi.
Masalan, hozir stansiya qurilishida mahalliy mahsulot ulushi 21 foiz atrofida. Uni kamida 30 foizga yetkazish, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalar bajarishi va 7 ming nafar mahalliy ishchi-mutaxassisni jalb etish vazifasi qo‘yilgan.

Buning uchun Forishning o‘zida ishlab chiqarish imkoniyatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Tumanda 200 gektar maydonda qurilish materiallari sanoat zonasini tashkil etish, bu yerda kamida 100 ta qo‘shma korxona joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shunday qilib, stansiyaga kerak bo‘ladigan mahsulot va xizmatning bir qismi mahalliy korxonalar hisobidan ta’minlanishi, qurilish jarayoni esa hududda yangi ishlab chiqarish zanjirlarini paydo qilishi kutilmoqda. Ya’ni AES uchun barpo etilayotgan infratuzilma vaqt o‘tishi bilan Forish iqtisodiyotining ham bir qismiga aylanishi mumkin.
Binobarin, yangi uy, zavod va yo‘llarning o‘zi shaharni shakllantirmaydi. Uning asosiy harakatlantiruvchi kuchi odamlar. Ayniqsa, atom energetikasi kabi yuqori malakali kadr talab qiladigan sohada bu masala oldindan hal etilishi zarur. Shu bois AES uchun mutaxassis tayyorlash ishlari ham boshlangan. Muhandis, operator, radiatsiya xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ma’lumotga ko‘ra, Rossiya milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialini 2023-yildan buyon 216 nafar talaba bitirgan. Ularning 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Janubiy Koreyada magistratura va doktoranturada tahsilni davom ettirmoqda. Yana 100 nafar mutaxassis O‘zbekistondagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasida tayyorlanmoqda.
Atom energetikasi sohasida qariyb 1 mingta tarmoq standartini milliy tizimga moslashtirish vazifasi belgilangani ham shu jarayonning bir qismi. Gap bu yerda faqat kadrlar soni haqida emas, ularning malakasi, ishlash tartibi va xavfsizlik talablariga javob berishi haqida ketmoqda.
Buning natijasi, avvalo, Forishdagi mehnat bozorida ko‘rinadi. Qurilish davrida minglab ishchi va mutaxassis jalb etiladi. Keyin esa stansiyadan foydalanish, texnik xizmat ko‘rsatish, xavfsizlik, ta’lim, tibbiyot va kommunal xizmatlar kabi sohalarda doimiy ish o‘rinlariga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Shu bilan birga, shahar aholisi ko‘payishi xizmat ko‘rsatish sohasini ham kengaytiradi. Do‘kon, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat, transport va boshqa yo‘nalishlarda yangi talab paydo bo‘lishi tabiiy. Bu esa AES va atomchilar shaharchasining ta’siri stansiya hududidan ancha uzoqqa tarqalishini ham anglatadi.
Bugun Forishda og‘ir texnika harakatlanayotgan qurilish maydonini ko‘rish mumkin. Ammo bu maydon ortida ancha katta manzara turibdi. Shuning uchun Forishdagi loyihani faqat atom elektr stansiyasi qurilishi deb baholash to‘liq manzarani gavdalantirmaydi. Bu yerda stansiya bilan bir vaqtda uning atrofida yashash, ishlash va ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan butun bir muhit shakllanmoqda. Uning kelajakdagi qiyofasini esa qurilayotgan binolar emas, ana shu muhitning odamlar hayoti va hudud iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi belgilaydi.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA