Final bosqichiga yo‘llanma qo‘lga kiritildi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining voleybol sport turi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish va mahoratli sportchilarni aniqlash maqsadida tashkil etilgan musobaqada Orolbo‘yidagi barcha oliy ta’lim muassasalarining talaba-qizlardan tashkil topgan jamoalar ishtirok etdi.

Musobaqa yakunida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi g‘olib bo‘ldi va respublika final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, uchinchi o‘rinni esa Innovatsion texnologiyalar universiteti jamoalari egalladi.

Ma’lumot o‘rnida, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalari oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim yo‘nalishlari talabalari o‘rtasida sportning voleybol, gandbol, basketbol 3x3, stol tennisi, futbol, yengil atletika va suzish kabi turlari bo‘yicha 3 bosqichda o‘tkazilishi belgilangan.

Ushbu sport musobaqalari yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish bilan birga, ularni zararli odatlardan asrash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, mahoratli va umidli sportchilarni aniqlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.