“Fergana Open”: tennischilarimiz juftlik bahslarida chempionga aylandi
Farg‘ona shahrida o‘smirlar o‘rtasida J100 tasnifiga kiruvchi “Fergana Open” xalqaro tennis turnirining juftlik bahslari yakunlandi.
Quvonarlisi, qizlar o‘rtasidagi final uchrashuvida Nigina Alimova va Shahzoda Ortiqboyeva juftligi muvaffaqiyat qozondi. Tennischilarimiz Margarita Aktuganova hamda Leyla Shaxmuradovaga qarshi kechgan bahsda 6:2, 6:3 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqa chempioniga aylandi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsda esa Akmal Abdullayev va Danila Kvasov dueti yaponiyalik Koday Abe va Sota Takagavaga imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa vakillarimiz musobaqani kumush medal bilan yakunladi.
Bugun turnirning yakkalik bahslarida ham final uchrashuvlari o‘tkaziladi. Unda Mahmudbek Beknazarov yaponiyalik Yuta Amanoga qarshi, Aleksandra Barmicheva esa xitoylik Jiayi Vangga qarshi bosh sovrin uchun kurash olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA