Bugungi e’tibor — ertangi g‘alaba
O‘zbekistonda yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan sportni ommalashtirish, yoshlarni muntazam jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga keng jalb etish, kelajakda xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qiladigan iste’dodli sportchilarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugun yurtimizda buning amaliy ifodasini sport inshootlari va ta’lim muassasalarida yaratilayotgan sharoitlar, yoshlar uchun tashkil etilayotgan musobaqalar, yangi sport loyihalari hamda sportchilarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarda ko‘rish mumkin. Ana shunday ezgu ishlarning navbatdagi amaliy ifodasi Buxoro viloyatida namoyon bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sport vazirligi tomonidan Buxoro viloyatidagi sport ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan hamda turli sport turlari bilan muntazam shug‘ullanayotgan yosh sportchilar uchun 8 ming donaga yaqin zamonaviy sport kiyimlari va 9 turdagi 1 283 dona sport inventari ajratildi. Bu oddiygina sport kiyimlari yoki inventarlar emas. Ularning zamirida yosh avlod salomatligi, sportga bo‘lgan mehr-muhabbatni kuchaytirish, iste’dodlarni yuzaga chiqarish va ularga katta marralar sari dadil qadam tashlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar mujassam.

Mazkur sport kiyimlarini topshirish marosimi Buxoro shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Unda Buxoro viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Nadjimidinov, viloyat prokuraturasi mas’ullari, sport ta’lim muassasalari vakillari, murabbiylar hamda yosh sportchilar ishtirok etdi. Tadbir davomida mamlakatimizda sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Sport — faqat musobaqa va g‘alaba emas. U yoshlarni intizomga, matonatga, mehnatsevarlikka, raqobatga bardoshli bo‘lishga va maqsad sari qat’iyat bilan intilishga o‘rgatadigan ulkan tarbiya maktabidir.
Shu bois sportchilarni zamonaviy va sifatli sport kiyimlari, zarur inventarlar bilan ta’minlash mashg‘ulotlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘ziga yarashadigan, zamonaviy sport kiyimida mashg‘ulotga kirishgan yoshning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, sportga bo‘lgan ishtiyoqi ham yanada ortadi. Ayniqsa, bugun sportning turli yo‘nalishlarida Buxoroning iste’dodli yoshlari respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda munosib natijalarni qayd etib kelayotgani quvonarlidir. Ularning har bir g‘alabasi ortida fidoyi murabbiylarning zahmatli mehnati, ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi va yosh sportchilarimizning tinmay izlanishi turibdi.

Endilikda ular uchun yaratilayotgan bunday sharoitlar yangi chempionlar, yangi rekordlar va yangi g‘alabalar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirning eng hayajonli lahzalarida viloyat sport boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi mas’ullari tomonidan sport ta’lim muassasalarida shug‘ullanayotgan yosh sportchilarga sport kiyimlari tantanali ravishda topshirildi. Yoshlarning quvonchi, ko‘zlaridagi hayajon va kelajakdagi katta maqsadlarga bo‘lgan ishonchi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Zero, bugun sport zalida mashq qilayotgan, musobaqalarda o‘zini sinayotgan har bir bola ertaga yurtimiz bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland ko‘taradigan chempion bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, yosh sportchiga berilgan har bir imkoniyat — kelajakdagi ulkan g‘alabaga qo‘yilgan qadamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida buxorolik yosh sportchilarga taqdim etilgan ushbu tuhfa ham ana shu ezgu maqsad — sog‘lom, irodali, bilimli va Vatanga munosib avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi amaliy e’tiborning yorqin namunasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri