Faxriy jurnalistga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, ko‘p yillar davomida matbuot sohasida sidqidildan mehnat qilgan faxriylarni e’zozlash Sirdaryoda ezgu an’anaga aylangan.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan soha faxriylarining holidan xabar olish, ular bilan samimiy suhbatlashish, ko‘p yillik mehnatini qadrlash va e’tibor ko‘rsatishga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda. Joriy yil boshidan buyon viloyatda uyushmaning 8 nafar a’zosi xonadoniga tashrif buyurilib, holidan xabar olindi.
Navbatdagi manzil uzoq yillar matbuot sohasida fidokorona mehnat qilgan Muhabbat Doniyorova xonadoni bo‘ldi. Uyushmaning Ayol jurnalistlar bilan ishlash kengashi a’zolari faxriy jurnalist holidan xabar olib, uning bosib o‘tgan mehnat yo‘li, kasbga sadoqati va bugungi hayoti bilan qiziqdi.
Muhabbat opaning mehnat daftarchasida birgina dargoh nomi aks etgan. U 1978-yilda “Sirdaryo haqiqati” gazetasiga ishga kirib, 2016-yilda shu qutlug‘ dargohdan nafaqaga chiqqan. Qariyb 40 yillik mehnat faoliyati davomida oddiy kotibalikdan boshlab, korrektorlik, xatlar va kadrlar bo‘limlarida mas’uliyat bilan faoliyat yuritdi.
Uning xotiralarida o‘sha yillardagi tahririyat hayoti, hamkasblar bilan kechgan qizg‘in mehnat kunlari, matbuotning o‘ziga xos mashaqqatlari hamon yaqqol saqlanib qolgan.

– Ishimiz juda mashaqqatli, lekin maroqli edi. Ba’zan muhim teletayp xabarlarini kutib, tongacha navbatchilikda qolardik. Salkam 80 kishilik katta va ahil jamoada mehnat qilardik. O‘sha davr muhiti, hamkasblar o‘rtasidagi hamjihatlikning zavqi o‘zgacha edi, – deydi Muhabbat Doniyorova.
Haqiqatan ham, bugun axborot olish va tarqatish imkoniyatlari beqiyos kengaygan bir paytda o‘sha yillardagi matbuot mehnatini eslash kishini mulohazaga chorlaydi. Teletayp orqali xabar kutish, materiallarni o‘z vaqtida tayyorlash, har bir so‘z va jumla uchun mas’uliyatni his qilish tahririyat xodimlaridan katta sabr, matonat va kasbga sadoqatni talab etgan.
Muhabbat Doniyorova ana shu muhitda o‘z kasbiy vazifalarini sidqidildan bajarib, tahririyat hayotiga munosib hissa qo‘shdi. Ammo uning hayot yo‘li faqat mehnat faoliyati bilan emas, oilaviy ibrati bilan ham ahamiyatli. Uch nafar farzandini voyaga yetkazgan faxriy bugun 10 nafar nabiraning mehribon buvijoni sifatida oilasi davrasida fayzli umr kechirmoqda.
Uchrashuv samimiy suhbatlarga boy bo‘ldi. O‘tgan yillar, tahririyatdagi unutilmas voqealar, hamkasblar, kasbning mashaqqatli va zavqli lahzalari yodga olindi. Eng muhimi, bu muloqotda ustoz avlod tajribasi va bugungi jurnalistika vakillari o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlik yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Tashrif yakunida Muhabbat Doniyorovaga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi nomidan esdalik sovg‘alari topshirilib, faxriy jurnalistga samimiy tilaklar bildirildi. Uning ko‘p yillik halol va fidokorona mehnati, matbuot sohasi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi alohida e’tirof etildi. Muhabbat opaga mustahkam sog‘lik, xotirjamlik, oilasi bag‘rida fayzli va barakali umr, farzandu nabiralari mehri va e’tiborida yana ko‘p yillar baxtiyor hayot kechirishi tilab qolindi.
Zero, faxriylarni e’zozlash ularning bosib o‘tgan sharafli yo‘lini qadrlash, ko‘p yillik mehnatini munosib baholash va bugungi avlodga ibrat qilib ko‘rsatishning yorqin ifodasidir. Bunday ezgu tashriflar ustoz va shogirdlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni yanada mustahkamlab, jurnalistika kasbiga sadoqat, mehnatga mas’uliyat va inson qadriga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga zamin yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri