Forishda sport majmuasi qad rostlamoqda
Forish tumani markazida yoshlar uchun yana bir zamonaviy sport maskani barpo etilmoqda. Bu yerda sport bilan shug‘ullanish uchun munosib sharoit yaratish bilan birga, jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport yo‘nalishida tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi majmua qad rostlaydi.
Jizzax viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Nozimjon Usmonov xizmat safari bilan Forish tumanida bo‘lib, sport maktabida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘rgandi. O‘rganish davomida Forish tumani zamonaviy yoshlar universal sport majmuasining qurilishi bilan yaqindan tanishdi.

– Barpo etiladigan ushbu majmua Forish tuman sport yo‘nalishida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tuman markazida yoshlar universal sport majmuasini tashkil etish uchun barpo etilmoqda, – deydi Forish tuman yoshlar universal sport majmuasi rahbari Erkin Sattarov. – Ob’ektning buyurtmachisi Jizzax viloyati hokimligi yagona buyurtmachi xizmat injiniring kompaniyasi unitar korxonasi, qurilish ishlari esa “Forishstroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchi-muhandislari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 8 milliard 380 million 356 ming so‘mdan ortiqroqni tashkil etadi. Ob’ektda qurilish ishlari joriy yilning iyul oyida boshlangan bo‘lib, majmua 2026-yilning dekabr oyi nihoyasiga, yangi yil arafasida yakunlanishi belgilangan. Majmua, avvalo, yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sport yo‘nalishida tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bugun sport infratuzilmasini kengaytirish masalasi mamlakatdagi sport siyosatida ham muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-martdagi “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani moliyaviy jihatdan mustahkamlash, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish va sportga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirishga qaratilgan.

Forishdagi yangi majmua ham ana shu jarayonning hududdagi amaliy ko‘rinishlaridan biri sifatida ahamiyatli. Ayniqsa, ob’ektning tuman markazida barpo etilayotgani uning yoshlar uchun ommabop sport maskaniga aylanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qurilishning belgilangan muddatda va sifat talablariga muvofiq yakunlanishi shu bois muhim. Nozimjon Usmonovning o‘rganishi chog‘ida qurilish jarayonlarini sifatli tashkil etish va belgilangan muddatlarga rioya qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri