Farxod Karimov: Vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlik yangi imkoniyatlarga yo‘l ochmoqda
Koreya Respublikasi Markaziy Osiyoni nafaqat istiqbolli bozor va strategik mineral resurslar manbai, balki tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish hamda yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalishi sifatida ham ko‘radi.
Seulning mintaqamizga nisbatan siyosatida O‘zbekiston alohida o‘rin tutadi. O‘ttiz yildan ortiq davom etayotgan diplomatik munosabatlar mobaynida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik asosan savdo va investitsiyalarga tayangan aloqalardan sanoat kooperatsiyasi, raqamli transformatsiya, ta’lim, energetika va ilg‘or texnologiyalarni qamrab olgan alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
O‘zA “Dunyoga nazar” tahliliy dasturida siyosiy fanlar doktori, professor Farxod Karimov O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlarining tarixiy asoslari, bugungi salohiyati va istiqbollari xususida fikr bildirdi.
– Janubiy Koreya – O‘zbekiston munosabatlarining o‘ziga xos jihati shundaki, ularning mustahkam poydevori mustaqillikning dastlabki yillaridayoq yaratilgan. O‘sha davrda O‘zbekistonda yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish borasida xalqaro ishonch hali to‘liq shakllanmagan edi. Shunday sharoitda Janubiy Koreya mamlakatimizga katta qiziqish bildirgan kam sonli davlatlardan biri bo‘ldi.
Xususan, O‘zbekistonda avtomobil sanoatining shakllanishi va boshqa yirik loyihalarning amalga oshirilishida Koreyaning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etdi. Shu nuqtai nazardan, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy jihatdan mustahkam asosga ega.
Ta’kidlash kerakki, hamkorlik faqat iqtisodiyot bilan cheklanib qolmadi. Ijtimoiy va ta’lim sohalarida ham yirik loyihalar amalga oshirildi. Axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi hamkorlik, shuningdek, Koreyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari filiallarining yurtimizda ochilishi o‘zaro munosabatlar ishonch va manfaatlar mushtarakligiga asoslanganini ko‘rsatadi.
Bugun jahon siyosati va xalqaro munosabatlarda beqarorlik kuchayib borayotgan bir sharoitda bunday vaqt sinovidan o‘tgan munosabatlarning ahamiyati yanada ortadi. Endi oldimizda ularni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish vazifasi turibdi.
Janubiy Koreya ulkan ilmiy-texnologik va moliyaviy salohiyatga ega davlat. Shu bois uning Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan hamkorligini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan Markaziy Osiyoga istiqbolli va rivojlanayotgan bozor sifatida qiziqish ortib bormoqda. Tabiiyki, Janubiy Koreya ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etishdan manfaatdor.
Bu borada ikki davlat o‘rtasida yillar davomida shakllangan ishonch hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi. Chunki O‘zbekiston va Janubiy Koreya turli davr va sharoitlarda ham yaqin hamkor bo‘lib kelgan. Ana shu vaqt sinovidan o‘tgan munosabatlar kelgusidagi hamkorlik uchun ishonchli zamin yaratadi, deb o‘ylayman.
Ushbu intervyuni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
O‘.Alimov, I.Ismatov (videomuhandis),
O‘zA