Muxtor Nazirov: O‘zbek va koreys xalqlarini yaqinlashtirgan mushtarak qadriyatlar
Ba’zan mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan omil faqat geografik masofa yoki iqtisodiy manfaatlar bilan o‘lchanmaydi. Tarixiy xotira, xalqlarning mehnatga, ta’limga va taraqqiyotga munosabati, eng muhimi, o‘zaro ishonch ham davlatlar o‘rtasida mustahkam rishtalarni shakllantiradi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari ana shunday mushtarak qadriyatlar zamirida tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlikning yorqin namunasi, desak yanglishmaymiz.
O‘zA “Dunyoga nazar” tahliliy dasturida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Muxtor Nazirov O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlarining bugungi holati va hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari xususida fikr bildirdi.
– O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar haqiqatan ham vaqt sinovidan o‘tgan. Ma’lumki, xalqaro munosabatlarda har bir o‘lka avvalo, o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib harakat qiladi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligining uzoq yillar davomida izchil rivojlanib kelayotgani ham ikki tomon uchun birdek manfaatli, albatta.
Vatanimiz bugun Markaziy Osiyoda Janubiy Koreyaning ishonchli hamkorlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi xalqaro munosabatlarda davlatlar tashqi aloqalarini diversifikatsiya qilish, hamkorlari doirasini kengaytirish va shu orqali o‘z tashqi siyosiy muhitini yanada barqarorlashtirishga intilmoqda. Shu nuqtai nazardan, mintaqamizning o‘sib borayotgan demografik va iqtisodiy salohiyati Koreya Respublikasi uchun ham katta ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, bugun transport va logistika masalalari xalqaro iqtisodiy munosabatlarda birinchi o‘ringa chiqayotgan bir paytda hamkorlik yo‘nalishlarini yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Mehnat migratsiyasi, ijtimoiy soha, sanoat va iqtisodiy jihatdan manfaatli qo‘shma loyihalar shular jumlasidan.
Avvallari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yirik loyihalar ko‘proq energetika yoki muayyan texnologik sohalarda mujassamlashgan bo‘lsa, bugun ularning qamrovi tobora kengaymoqda. Xususan, metallurgiya va nodir metallar sohasidagi hamkorlik katta istiqbolga ega. Chunki global texnologik taraqqiyot sharoitida nodir metallarning strategik ahamiyati keskin ortib, ular zamonaviy iqtisodiyotning eng muhim resurslaridan biriga aylanmoqda.
Ushbu intervyuni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
O‘.Alimov, I.Ismatov (videomuhandis),
O‘zA