Farrux Nurullayev: “Milliy loyiha” modeli iqtisodiy o‘sishning yangi asosiga aylanadi” (+video)
Energetika sohasida barqarorlikni ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bugungi kunda davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri sanaladi. Shu nuqtai nazardan, gidroenergetika ekologik toza, ishonchli va samarali energiya manbai sifatida strategik ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 1-maydagi “Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim hujjat hisoblanadi.
Ushbu qaror mazmun-mohiyati va kelgusidagi vazifalar haqida “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayev O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
–Qarorga muvofiq, 2026-2032-yillarda umumiy qiymati 5,8 milliard dollarlik 73 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalar natijasida gidroenergetika quvvatlari 2,4 baravarga oshirilib, 3266 MVt qo‘shimcha quvvat yaratiladi. Shuningdek, 1400 MVt quvvatga ega gidroto‘plash elektr stansiyalari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Bu yirik loyihalar mamlakat energetika tizimi barqarorligini yangi bosqichga olib chiqadi hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Eng muhimi, qaror doirasida joriy etilayotgan “Milliy loyiha” modeli sohada sifatli o‘zgarishlarni ta’minlashga qaratilgan.
Modelga asosan loyiha-qidiruv ishlari, loyihalash, qurilish, muhandislik xizmatlari va uskuna ishlab chiqarish jarayonlarida mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu esa ichki ishlab chiqarish faolligini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda texnologiyalar transferini jadallashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur yondashuv minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini ham beradi. 2026-2032-yillarda aynan “Milliy loyiha” modeli asosida 550 MVt yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgani uning amaliy ahamiyati va strategik ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. Shu ma’noda, ushbu model ichki salohiyatga tayangan barqaror taraqqiyotning muhim mexanizmi sifatida baholanadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/kFNOjMPtV3k?si=NiWj7jDT1NBsHoHw" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Doniyor Yoqubov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video+montaj)
O‘zA