Farmatsevtikada yangi ilmiy yechimlar, sun’iy intellekt va xalqaro hamkorlik
Bugun poytaxtimizdagi Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot institutida «Zamonaviy farmatsevtika sohasining rivojlanishidagi dolzarb masalalar va tendensiyalar» mavzusida III Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbir mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlarning yetakchi olimlari, soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarni bir muloqot maydonida jamladi.
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tүbdan isloh qilish, aholini xavfsiz, sifatli va arzon dori vositalari bilan ta’minlash, shuningdek, farmatsevtika sohasini ilm-fan yutuqlari asosida taraqqiy ettirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning mantiqiy davomi bo‘lgan mazkur anjuman sohadagi mavjud muammolar va ularning ilmiy yechimlarini muhokama qilish uchun minbar vazifasini bajarayotir.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi birinchi vitse-prezidenti – bosh ilmiy kotibi Shomansur Sagdullayev, Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti rektori, professor Aziz Dusmatov va boshqalar farmatsiya fani oldida turgan global vazifalar, ta’lim hamda ishlab chiqarish integratsiyasini yanada chuqurlashtirish zarurligiga alohida to‘xtaldi.

Ikki kunlik anjumanning plenar yig‘ilishida Pokiston, Ukraina, Rossiya, Italiya, Tojikiston va boshqa qator davlatlarning nufuzli ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari ma’ruzalari tinglanmoqda. Sobir Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti direktori Sh.Sagdullayevning diterpenoid alkaloidlar va ularning hosilalari asosida yangi antiaritmik dori vositalarini yaratish istiqbollariga bag‘ishlangan chiqishi ilmiy doiralarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu kabi tadqiqotlar boy tabiiy boyliklarimizdan foydalangan holda mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Kiyev milliy texnologiyalar va dizayn universiteti vakili S.Sur farmatsevtika kompaniyalari uchun kadrlar tayyorlashdagi mavjud muammolar va ish beruvchilar kutilmalarini tahlil qilgan bo‘lsa, Pokistonning IQRA universiteti dekani Muhammad Xurram o‘quv dasturlariga sun’iy intellektni joriy etish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Rossiyalik olim Olga Yeletskaya zamonaviy farmatsevtik ta’limda pedagogika va ilmiy tadqiqotlar uyg‘unligini yoritdi. Italiyalik tadqiqotchi Nikola Soma biotibbiy va farmakologik izlanishlarda ultratovushli vokalizatsiyalardan foydalanish borasidagi yangi usullarni taqdim etdi.

Tojikiston tibbiyot-ijtimoiy instituti professori Saidbek Sattorovning ta’kidlashicha, bu kabi keng ko‘lamli xalqaro anjumanlarning ilmiy-amaliy ahamiyati katta bo‘lib, ular soha mutaxassislariga o‘z tajriba va natijalarini o‘rtoqlashish uchun munosib minbar yaratadi.
– Bunday platformalar mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash bilan birga, yosh mutaxassislarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishda ham muhim rol o‘ynaydi, – dedi S.Sattorov. – Ayniqsa, bugungi kunda sintetik preparatlarning ko‘plab nojo‘ya va salbiy ta’sirlari kuchaygan bir davrda, dorivor o‘simliklar asosidagi xavfsiz mahsulotlarga e’tibor qaratish, farmakognoziya va farmakologiya yo‘nalishlarini rivojlantirish har qachongidan ham dolzarbdir. Chunki tabiiy dori vositalari zaharlilik va kanserogen xususiyatlardan xoli bo‘lib, aholi salomatligini saqlashda muhim ahamiyatga ega.

Plenar dasturida institut asoschisi, professor Ahmadxo‘ja Yunusxo‘jayevning «Ibn Sino ilmiy merosining zamonaviy farmatsiya shakllanishidagi o‘rni» mavzusidagi ma’ruzasi ham qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Anjuman o‘z ishini oltita sho‘’ba yo‘nalishida davom ettirdi. Farmatsevtik ta’lim yo‘nalishida raqamli transformatsiya, zamonaviy farmatsevt uchun zarur kompetensiyalar hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi muhokama qilinib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari vakillarining qiyosiy tajribalari tinglandi.

Biologik faol birikmalar sintezi hamda standartlashtirish sho‘’basida antimikrob xususiyatlarga ega xitozan nanotolalari, o‘simlik moddalarini tahlil qilish va yangi birikmalarning biologik faolligini baholash masalalari Ukraina va Qozog‘iston tadqiqotchilari ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Farmatsevtik texnologiya va sanoat ishlab chiqarishi yo‘nalishida funksional kollagen biomateriallari, ekologik xavfsiz substansiyalar, GMP talablari va polimer nanozarrachalardan foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi. Farmakologiya va klinik farmakoterapiya yo‘nalishida shaxsiylashtirilgan tibbiyot, oqilona farmakoterapiya, bakteriofaglardan foydalanish hamda Qozog‘iston olimlarining sun’iy intellekt yordamida dori dozalarini individuallashtirishga oid tadqiqotlari muhokama qilindi. Dorivor o‘simliklarni farmakognostik va fitokimyoviy o‘rganish sho‘’basida xomashyoning biologik faol birikmalari, zamonaviy tahlil usullari va ekstraktlarni standartlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tashkiliy-iqtisodiy va marketing yo‘nalishida esa dori vositalari ta’minoti, resurslardan samarali foydalanish va farmakoiqtisodiy jihatlar tahlil qilindi.

Yakunda sho‘’balar hisobotlari umumlashtirilib, sohani yanada rivojlantirish yuzasidan tegishli rezolyutsiya qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Anjuman ishi ertaga ham davom etadi.
[gallery-31934]
Mohigul Qosimova,
Asliddin Alijonov (suratlar),
O‘zA