Bojxona qulayliklarini targ‘ib qilish eksport salohiyatini oshirmoqda
Bojxona mas’ullari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanidagi “Kayzen kompani” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu korxona mahalliy va xorijiy yetishtiruvchilardan olingan noyob o‘simliklar sirasiga kiruvchi qizilmiya ildizini qayta ishlab, unga har xil turdagi shakl berib, eksportga yo‘naltirmoqda. 2025-yil davomida korxona tomonidan 119 ming AQSH dollarlik 147 tonna, joriy yilda shu kunga qadar 428 ming AQSH dollarlik 448 tonna mahsulot eksport qilingan.

Uchrashuv davomida korxona mahsulotlarining bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratida uchrayotgan muammolari o‘rganilib, tadbirkorlarga yangi qulaylik sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yilda 2-sentabrdagi “Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlashni yanada soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tartib-tamoyillari, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi afzalliklari hamda chetdan olib kirilgan butlovchi qismlar va xomashyolarni bojxona to‘lovisiz olib kirishlariga imkon yaratilganligi, ushbu tovarlarni qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida bozorga chiqarishi yoki eksport hajmini ortishi mumkinligi haqida targ‘ibot ishlari olib borildi.
Shuningdek, tadbirkor korxona faoliyatini yanada kengaytirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, Afg‘oniston davlati bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan bo‘lib, ushbu mamlakatdan olib kirilayotgan shirinmiya ildizlarini qayta ishlash, ularni turli shakl va mahsulot ko‘rinishiga keltirish hamda tayyor mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish ishlari boshlangan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri