Farmatsevtika sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Bayer kompaniyasi delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqot mamlakat farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va investitsiya faolligini oshirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuvning asosiy e’tibor markazida farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani milliy amaliyotga joriy qilish masalalari turdi. Shu nuqtai nazardan, Bayer kompaniyasining global tajribasi va innovatsion yechimlari O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘i uchun muhim resurs sifatida baholandi.
Muzokaralar chog‘ida Agentlik direktori tomonidan so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar yuzasidan keng qamrovli ma’lumot taqdim etildi. Jumladan, farmatsevtika klasterlarini shakllantirish va rivojlantirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, klaster yondashuvi doirasida ilmiy-tadqiqot muassasalari, ta’lim tashkilotlari va ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va xalqaro standartlarga mos huquqiy bazani takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, bunday hamkorlik O‘zbekistonda farmatsevtika sohasining raqobatbardoshligini oshirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirish, shuningdek, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, sohaning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Uchrashuv yakunida Bayer kompaniyasi vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yaratilgan qulay investitsiya muhiti va klaster yondashuviga asoslangan rivojlanish modelini yuqori baholab, kelgusida amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Umuman olganda, mazkur muloqot O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini xalqaro qiymat zanjirlariga integratsiya qilish, innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish va sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA