761 ming xonadon issiqlik bilan ta’minlandi
“Issiqlikta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Isitish mavsumi yakunlari va tizimni modernizatsiya qilish bo‘yicha galdagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, jamiyat tashkil etilganidan so‘ng qisqa vaqt ichida markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovi sezilarli darajada kengaygan. Bugungi kunda 761 mingdan ortiq xonadon hamda 2,5 mingdan ziyod ijtimoiy soha ob’ektlari markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimiga ulangan.
Shuningdek, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash borasida ham ijobiy natijalarga erishilgan. Jumladan, debitor va kreditor qarzdorliklar sezilarli darajada qisqartirilgani qayd etildi.


— Bizning asosiy vazifamiz aholini sifatli va uzluksiz issiqlik bilan ta’minlash. Bu yo‘lda tizimli islohotlar va zamonaviy texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etishni davom ettiramiz, — deydi “Issiqlikta’minoti” AJ boshqaruvi raisi Ilhom To‘rayev.
Anjumanda isitish mavsumi yakunlari hamda kelgusi davr uchun ustuvor vazifalar ham muhokama qilindi. Ma’lum qilinishicha, ayni paytda tizimda 560 ta qozonxona va 4 ming kilometrdan ortiq issiqlik tarmoqlari mavjud. Joriy yilning birinchi choragida 3,9 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 11,4 million Gkalga yetkazish rejalashtirilgan.


Shu bilan birga, tizimdagi energiya yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida markaziy dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yilgan. 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 124 ta qozon, 113,1 kilometr issiqlik tarmoqlari hamda 91 ta yordamchi uskunani ta’mirlash rejalashtirilgan.
Xalqaro hamkorlik doirasida ham qator innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Nukus shahrida kogeneratsiya, Buxoro shahrida trigeneratsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek Angren va Olmaliq shaharlarida sun’iy intellekt asosida issiqlik energiyasini boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida energiya samaradorligi sezilarli darajada oshgan. Jumladan, 2025-yilda 13,8 million kub metr tabiiy gaz va 15,2 million kilovatt elektr energiyasi tejalgan.
Shuningdek, qozonxonalarning foydali ish koeffitsiyenti 84,5 foizdan 89,8 foizgacha oshgan. Atmosferaga zararli moddalar chiqarilishi esa 204 ming tonnaga kamaygan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA