Farg‘onada urush qatnashchilari e’zozlandi
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining “9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida urush qatnashchilari, nogironlari va front orti mehnat faxriylari holidan xabar olinmoqda.
Ana shunday tadbirlar doirasida viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi urush faxriylari Fatina Sharipova, Vera Vyalseva va Larisa Sharova xonadonlariga tashrif buyurdi.
Uchrashuvlarda Sharqiy harbiy okrug hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari va nuroniylar ishtirok etdi.
Tadbirda faxriylarga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, davlat rahbari nomidan bir martalik pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Muloqotlar chog‘ida faxriylarning hayot yo‘li, mehnat faoliyati hamda urush yillaridagi og‘ir sinovlar haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, Fatina Sharipovaning bolaligi fashistlar konslagerida kechgan bo‘lib, urushdan keyin O‘zbekistonga kelib, uzoq yillar ta’lim sohasida mehnat qilgan.
100 yoshni qarshi olgan Vera Vyalseva esa Leningrad qamali qatnashchisi bo‘lib, urushdan keyin turli sohalarda, jumladan, kino tizimida faoliyat yuritgan.
[gallery-29317]
Larisa Sharova bugungi tinch va osoyishta hayot uchun shukronalik bildirib, O‘zbekistondagi mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhitini alohida e’tirof etdi.
Faxriylar mamlakatimizda keksa avlod va urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA