Farg‘onada sport gimnastika markazi ochildi (+video)
Farg‘ona viloyati mamlakat sport shuhratiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Endi uning qamrovi yanada kengayadi. Mustaqillik bayrami arafasida Farg‘onada sport gimnastikasi markazi tantanali ravishda ochildi.
Markaz nafaqat Farg‘ona viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysida gimnastikada sport turlarini yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash va professional zaxirani tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.

– Markazimizda sport gimnastikasi, tramplin sport turlari, badiiy gimnastikaga bolalarni qamrab olish vazifasi belgilangan, – deydi Farg‘ona viloyati gimnastika sport turlariga tayyorlash markazi direktori Javlon Qosimov. – Farg‘ona, Quva tumanlari hamda Marg‘ilon shahrida jami bo‘lib 571 nafar yoshlar shug‘ullanadi. Markazda esa 132 nafar sportchilar o‘qiydi, yashaydi va kuniga 4 mahal ovqatlanadi. Markazimizning asosiy maqsadi iqtidorli o‘quvchilarni tanlab olish va qabul qilishdir.

Sport maskani xalqaro talablar asosida barpo etildi. Loyihaning birinchi bosqichida 174 o‘rinli yotoqxona, 100 o‘rinli oshxona qurilib, gimnastika sport turiga ixtisoslashgan sport maktabi mukammal ta’mirlandi. Bu ishlarga 67 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Sport vazirligi 91 turdagi zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlandi.

Bugun Farg‘ona viloyatida 4 ming nafar yoshlar gimnastika bilan shug‘ullanmoqda. Ularga yuzdan ziyod murabbiy ta’lim bermoqda. Tarbiyalanuvchilar esa turli musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda.


- Ularning 100 nafari respublika va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishmoqda. 50 nafarga yaqini esa O‘zbekiston Milliy terma jamoasining a’zosi. Shu yil iyun oyida Xitoyning Szunze shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida Kanayev Temur faxrli 3-o‘rinni egalladi, - deydi Markaz direktori.
Gimnastika markaziga Prezident sovg‘asi – yangi avtobus ham tantanali suratda topshirildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JQ3EaFTbRYQ" title="Farg‘onada sport gimnastika Markazi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA