Farg‘onada soliq islohotlarining mazmun-mohiyati tushuntirildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasida “Soliq islohotlari: kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat soliq boshqarmasi rahbariyati va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A. Botiraliyev davlatimiz rahbarining 2026-yil 26-mayda qabul qilingan “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, mazkur hujjat kichik biznes sub’ektlari uchun soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish va biznesni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
[gallery-30027]
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan kichik biznes sub’ektlarining umumiy soliq rejimiga o‘tish chegarasi 1 milliard so‘mdan bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravarigacha, ya’ni qariyb 5 milliard so‘mgacha oshirildi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z faoliyatini yanada kengaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash huquqi berilmoqda. Unga ko‘ra, QQS stavkasi 6 foiz etib belgilanib, foyda solig‘i bo‘yicha hisobot taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.
Matbuot anjumanida kichik biznes sub’ektlariga soliq xavflarini mustaqil bartaraf etish imkoniyati yaratilayotgani, shuningdek, ayrim holatlarda soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilmasligi haqida ham ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQSning bir qismini “keshbek” tarzida qaytarish bo‘yicha qo‘shimcha yengilliklar hamda ayrim toifadagi xodimlarni ishga qabul qilish va ularga ish haqi to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir davomida jurnalistlar va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Matbuot anjumani yakunida 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritish va samarali hamkorlik uchun bir guruh jurnalist va blogerlar tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA