Energetik yoshlarni birlashtirgan forum
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida “Oqqush” majmuasida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizning turli hududlarida energetika sohasida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar ishtirok etishdi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi, senator T.Xudaybergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.Askarov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ularning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtalishdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Xususan, o‘tgan qisqa davr mobaynida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator Qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani, yoshlarimizning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgani, ularga tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab imtiyozlar berilgani, barcha sohalarda yoshlarning qo‘llab-quvvatlanishi – bularning barchasi yoshlarga qaratilayotgan alohida e’tiborning amaliy ifodasidir.

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan energetika sohasida mehnat qilayotgan zukko, bilimli va zamonaviy fikrlaydigan umidli yoshlar bilan har qancha faxrlansak arziydi. Ayniqsa, yosh mutaxassislarning sohaga yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va aholini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash yo‘lidagi xizmati yuksak qadrlanadi.

Albatta, "Hududiy elektr tarmoqlari" jamiyati tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbir yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini yanada mustahkamlashda, o‘zaro fikr almashib, tajriba orttirishda, o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Kun davomida “Yosh energetiklar” uchrashuvi, yoshlar o‘rtasida startap va innovatsion loyihalar taqdimoti, sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqot hamda mahorat darslari o‘tkazildi. Tadbirga tashrif buyurgan yosh mutaxassislar Orolbo‘yining turistik salohiyati, tarixiy obidalari hamda qoraqalpoq xalqining betakror madaniy merosi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.

Bundan so‘ng maxsus pavilonda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan soha vakillarining hududiy xususiyatlari aks etgan badiiy chiqishlari tomosha qilindi.
Shuningdek, forum doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar Hududiy elektr tarmoqlari jamoasi birinchi, Toshkent viloyati Hududiy elektr tarmoqlari jamoasi ikkinchi, “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati jamoasi uchinchi o‘rinlarni egallashdi. Shuningdek, milliy liboslar, urf-odatlari va taomlar ko‘rgazmasi, shaxmat va shashka musobaqalari ham yuqori ko‘tarinkilikda o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri