Faol xotin-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Toshkent shahar hokimligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent shahrining turli sohalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Shayxontohur tumanidagi Oila va xotin-qizlar maskani faoliyati, bu yerda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, mehmonlar maskan hududida faoliyat yuritayotgan "Anor" brendi ishlab chiqarish yo‘nalishi bilan tanishib, mahsulotlarni yaratish jarayoni, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash hamda ularning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan amaliy loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Muloqot davomida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, ijtimoiy himoya, ta’lim va kasbiy rivojlanish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslarini bildirdi hamda mutasaddilar tomonidan ularga batafsil javob va zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida xotin-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda mavjud muammolarni tizimli hal etish hamda davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA