Yuksak ishonchni amaliy natijalar bilan oqlaymiz
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, davlat ijtimoiy xizmatlarining sifati, ko‘lami va qamrovini kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Prezidentimiz ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili bugun hayotimizning ustuvor mezoniga aylanib, har bir fuqaroning manfaatini ta’minlashga xizmat qilayotgan amaliy tizim sifatida o‘z ifodasini topmoqda.
Mazkur islohotlarning yorqin namunasi sifatida Toshkent viloyatida ilk bor zamonaviy Ijtimoiy himoya majmuasi tashkil etildi. Ushbu majmuada Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi, hududiy Ijtimoiy inspeksiya, Nurafshon shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi hamda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa aholiga zarur xizmatlarni bir joyning o‘zida, qulay, tezkor va sifatli ko‘rsatish imkonini yaratdi.

Kecha Prezidentimizning ushbu majmuaga tashrifi davomida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan sharoitlar hamda istiqboldagi vazifalar yuzasidan taqdimot qilish sharafi menga nasib etdi. Davlatimiz rahbarining faoliyatimizga bergan yuksak bahosi va bildirgan ishonchi biz uchun nafaqat katta e’tirof, balki yanada mas’uliyat bilan ishlashga undaydigan yuksak ishonchdir.
Belgilab berilgan ustuvor vazifalar va berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirishni eng muhim burchimiz deb bilamiz. Kechagi samimiy muloqot bizga yangi kuch-g‘ayrat, qat’iyat va mas’uliyat bag‘ishladi. Bu ishonchni amaliy natijalar bilan oqlash yo‘lida bor salohiyatimiz, bilim va tajribamizni safarbar etamiz. Biz uchun ijtimoiy himoya — shunchaki davlat xizmati emas. Bu inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand insonning dardiga hamdard bo‘lish, uning hayot sifatini yaxshilash va jamiyatda munosib o‘rin egallashga ko‘maklashishdek sharafli vazifadir.
Majmuada beshta muhim muassasa — Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi, hududiy Ijtimoiy inspeksiya, Nurafshon shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi hamda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi bir joyda faoliyat yuritmoqda. Bu esa aholiga ijtimoiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida, ortiqcha ovoragarchiliksiz, tezkor va sifatli ko‘rsatish imkonini yaratdi.
Eng muhimi, mazkur majmua faoliyati natijasida har yili Nurafshon shahri hamda unga yaqin joylashgan O‘rta Chirchiq, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlarida istiqomat qiluvchi qariyb 10 ming nafar fuqaro zamonaviy va kompleks ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi. Bu esa aholining davlat ijtimoiy xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarning amaliy samarasini yanada oshiradi.
Shu bois Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini hayotga to‘liq tatbiq etish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, har bir topshiriq ijrosini aniq amaliy natijalar bilan ta’minlash yo‘lida jamoamiz bilan birgalikda fidoyilik, tashabbuskorlik va yuksak mas’uliyat bilan mehnat qilishda davom etamiz. Bildirilgan yuksak ishonchni oqlash, ijtimoiy himoya tizimini yanada xalqchil, adolatli va samarali tizimga aylantirish yo‘lida bor bilimimiz, tajribamiz va salohiyatimizni to‘liq safarbar etamiz.
Miraziz Mirsultonov,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi
Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i.