Falastinda saylov yana qoldirildi
Falastin Prezidenti Mahmud Abbos parlament saylovi 2027-yil 11-sentabrga ko‘chirilgani, shu kuni prezidentlik saylovi ham o‘tkazilishini e’lon qildi. Demak, qariyb 20 yildan beri o‘tkazilmayotgan umummilliy saylov yana ortga surilgan.
Abbos ushbu qarorni Isroil cheklovi, G‘arbiy sohildagi zo‘ravonlik va G‘azodagi og‘ir xavfsizlik hamda gumanitar vaziyat bilan izohlagan. Uning ta’kidlashicha, erkin va adolatli saylov uchun munosib siyosiy va xavfsizlik sharoiti zarur. Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa bu chorani inkor etib, Abbosni mas’uliyatdan qochishda aybladi.
Falastinda parlament saylovi oxirgi marta 2006-yil, prezidentlik saylovi esa 2005-yil o‘tkazilgan. 2007-yil HAMAS G‘azo nazoratini qo‘lga olgach, Mahmud Abbos hududni farmonlar orqali boshqarib kelyapti – uning vakolati 2009-yil tugagan. Saylovni kechiktirish qarori falastinlik siyosiy kuchlar bilan maslahatlashuvdan keyin qabul qilingan.
Darvoqe, Fransiya saylov o‘tkazilishi muhim deb hisoblashini bildirgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA