Fakt va raqam: Davlat qarzi
Global qarz muammosi va yetakchi davlatlar
Bugungi kunda global iqtisodiyotning eng dolzarb va murakkab masalalaridan biriga aylangan davlat qarzi nafaqat iqtisodiy barqarorlikka, balki siyosiy qarorlarga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (IMF), Jahon banki va OECD ma’lumotiga ko‘ra, 2024-2025-yillarda dunyo bo‘yicha umumiy davlat qarzi 100 trillion dollardan oshgan. Bu insoniyat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Mutaxassislar pandemiyadan keyingi iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash jarayoni, inflyatsiya va geosiyosiy inqiroz davlat qarzi keskin o‘sishiga olib kelganini ta’kidlamoqda. Endilikda qarz emas, balki bu raqamning iqtisodiyotga nisbatan ulushi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Davlat qarzini baholashda asosiy mezon sifatida qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbati (Debt-to-GDP ratio) qo‘llanadi. Aynan shu ko‘rsatkich muayyan mamlakatning qarzni qaytarish qobiliyatini aniqroq aks ettiradi. So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, dunyo miqyosida eng yuqori qarz yukiga ega davlatlar qatorida Yaponiya mutlaq yetakchi: YAIMga nisbatan 250-260 foizdan ko‘p. Shunga qaramasdan, kun chiqar yurt ichki bozor va milliy valyutaga tayanadigan qarz tizimi tufayli barqarorlikni saqlab turibdi. Shuningdek, Gretsiya (170 foiz atrofida), Italiya (140 foizga yaqin) va AQSH (120 foizdan ortiq) ham eng ko‘p qarzdor davlatlar hisoblanadi.
Yevropa davlatlari orasida ham qarz muammosi dolzarb. Bu holat hududdagi iqtisodiy muvozanatga ta’sir ko‘rsatmoqda. Fransiya va Ispaniyada ham davlat qarzi YAIMga nisbatan 100 foizdan yuqori darajada ekanligi byudjet siyosatiga bosimni kuchaytirmoqda. Pandemiyadan keyin davlat xarajati ortishi va iqtisodiy o‘sish sur’ati sekinlashishi qarz yukini yanada oshirdi. Darvoqe, qarz ko‘pligi doim ham inqirozni anglatavermasa-da, iqtisodiy chora imkoniyatini cheklaydi.
Qiziq jihati shundaki, dunyodagi iqtisodiyoti eng kuchli yurtlar ham qarzi ko‘p davlatlar qatoriga kirgan. Masalan, eng boy hisoblangan AQSHning davlat qarzi 34 trillion dollardan oshgan. Bu holat global moliyaviy tizimga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Iqtisodiy qudrati va dollarning zaxira valyutasi sifatidagi maqomi ushbu mamlakatga qarz yukini boshqarish imkonini bergan. Demak, qarz darajasi yuqoriligi iqtisodiy zaiflikning mutlaq belgisi emas. Davlat qarzining sababi va oqibati mamlakatlar uchun turlicha namoyon bo‘lib, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish vositasi yoki moliyaviy xavf manbaiga aylanishi mumkin. Ushbu mavzuni tahlil qilishda hajm emas, tuzilish, manba va iqtisodiyotga ta’sir muhim o‘rin tutadi. Boshqacha aytganda, qarzga botgan mamlakatlar masalasi bir qarashda ko‘ringanidan ancha murakkab.
Eng katta qarzdor davlatlar va xavf omillari
Davlat qarzi muammosini chuqurroq anglash uchun qarzi eng ko‘p davlatlarni aniq raqamlar asosida ko‘rib chiqish muhim, chunki ayni ma’lumot global iqtisodiy muvozanatni baholash imkonini beradi. 2024-2025-yillar tahlilida qarzining YAIMga nisbati bo‘yicha foiz hisobida eng yuqori ko‘rsatkichga ega davlatlar quyidagi tartibda joylashgan: Yaponiya (250-260), Sudan (250), Gretsiya (170), Singapur (160), Italiya (140), AQSH (120), Fransiya (110), Ispaniya (105), Belgiya (100) va Portugaliya (100). Bu raqamlar IMF, JB global iqtisodiy tahlil ma’lumotiga mos keladi. Ayrim kichik davlatlar va orol iqtisodiyotlarida ham mazkur ko‘rsatkich yuqori bo‘lsa-da, global tizimga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.
Qiziq jihati shundaki, qarz ko‘rsatkichi yuqori davlatlar ikki toifaga bo‘linadi: iqtisodiy jihatdan kuchli va barqaror hamda iqtisodiy xavf ostidagi yurtlar. Masalan, Yaponiya va AQSH qarzi juda ko‘p bo‘lishiga qaramay, iqtisodiyoti barqaror, moliyaviy tizimi rivojlangan va milliy valyutasi kuchliligi bois qarzini boshqara oladi. Gretsiya yoki ayrim Afrika davlatlarida esa qarz iqtisodiy inqiroz xavfini kuchaytirishi mumkin. Ya’ni, iqtisodiy o‘sish sur’ati pastroq bunday o‘lkalar tashqi qarzga ko‘proq bog‘liq. Demak, qarz darajasi bir xil bo‘lsa-da, mavjud ta’sir iqtisodiy salohiyatga qarab farq qiladi.
Qarzni orttiradigan asosiy omillar ham turlicha: byudjet taqchilligi, ijtimoiy xarajat ortishi, harbiy sarf, iqtisodiy inqiroz va hokazo. Masalan, pandemiya davrida ayrim davlatlar mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p miqdorda qarz olgan. Shu bilan birga inflyatsiya kuchayishi va foiz stavkasi oshishi qarzning xizmat xarajatini yanada oshiradi. Natijada davlat byudjetiga qo‘shimcha bosim yuklanadi.
Ekspertlar iqtisodiy o‘sish qarz sur’atidan past bo‘lishi uzoq muddatli jiddiy moliyaviy muammolarni yuzaga keltirishi mumkinligini ham ta’kidlashadi.
Ayniqsa, tashqi qarzga yuqori darajada bog‘liq davlatlar uchun xavf yuqori hisoblanadi. Zero, bunday yurtlar valyuta kursi va xalqaro bozordagi o‘zgarishga juda sezgir bo‘ladi. Masalan, rivojlanayotgan davlatlarda milliy valyuta qadrsizlansa, tashqi qarzni qaytarish yanada qiyinlashadi va bu pul sinishi xavfini oshiradi. Shu sababli, xalqaro moliya institutlari bunday davlatlar uchun qarz barqarorligini ta’minlash choralarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratmoqda. Binobarin, qarz muammosi nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy ahamiyatga ham ega.
Xulosa shuki, dunyo bo‘ylab eng ko‘p qarzi bor davlatlar mavzusi faqat raqamlar bilan tahlil qilinmaydi. Bu masala zamirida murakkab iqtisodiy va siyosiy jarayon yotadi. Ya’ni, davlat qarzini baholashda faqat miqdor emas, balki iqtisodiyotga ta’sir va boshqarish imkoniyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Demak, global iqtisodiyotda qarz muammosi kelgusi yillarda ham dolzarb bo‘lib qolaveradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA