ESG standartlari energetika tizimiga qanday joriy etilmoqda?
Bugungi kunda energetika sohasida barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish, ekologik mas’uliyatni kuchaytirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflar tobora kuchayib borayotgan sharoitda ESG standartlarini soha faoliyatiga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatida “Barqaror rivojlanish, dolzarb ESG kun tartibi va iqlim ta’sirlarini boshqarish” mavzusida o‘tkazilgan trening bo‘lib o‘tdi. Unda KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi boshqarma va bo‘lim rahbarlari, shuningdek mas’ul mutaxassislar qatnashdi.
Mutasaddilar tomonidan xodimlarning ESG tamoyillarini amaliyotga joriy etish, iqlim xatarlarini baholash va boshqarish bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Trening davomida ishtirokchilar ESG sohasidagi xalqaro tendensiyalar, nomoliyaviy hisobotlarni tayyorlash bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar, jumladan GRI va SASB standartlari haqida batafsil ma’lumot oldi. Bu esa energetika korxonalari faoliyatini nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki ekologik va ijtimoiy ta’sir nuqtai nazaridan ham baholash imkonini beradi.
Shu bilan birga, ESG omillarini kompaniya faoliyatiga integratsiya qilishning amaliy mexanizmlari ham muhokama qilindi. Xususan, mehnatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi va ishlab chiqarish jarayonlarida xavflarni kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. TRIR va LTIFR kabi asosiy xavfsizlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilish hamda ularni to‘g‘ri talqin etish bo‘yicha mutaxassislarga zarur tushunchalar berildi.
KPMG ekspertlari tomonidan ESG xatarlarini aniqlash, baholash va doimiy monitoring qilish, shuningdek, ma’lumotlarni hisobotlarda shaffof va to‘liq aks ettirish bo‘yicha amaliy vositalar taqdim etildi. Bu esa “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning xalqaro talablarga muvofiq ish yuritishi, investorlar va hamkorlar uchun ochiqlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Umuman, mazkur trening energetika tizimida ESG standartlarini bosqichma-bosqich joriy etishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Kompaniyada kelgusida ham ekologik barqarorlik, ijtimoiy mas’uliyat va zamonaviy korporativ boshqaruv tamoyillarini amaliyotga keng tatbiq etish ishlari izchil davom ettiriladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA