Erasmus+ ishtirokchilari Toshkentda yangi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi
Toshkentda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamda Erasmus+ Milliy ofisi (NEO) hamkorligida netvorking tashkil etildi.
Unda Erasmus Mundus stipendiatlari va bitiruvchilari, Erasmus+ dasturi ishtirokchilari, oliy ta’lim muassasalari, davlat organlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ishtirokchilar o‘rtasida tajriba almashish, professional va akademik aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar xalqaro ta’lim dasturlari doirasidagi imkoniyatlar, ilmiy hamkorlik va talabalar almashinuvi masalalari yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, Erasmus Mundus dasturiga yangi qabul qilingan talabalar rasman qarshi olindi.
Tadbirda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar so‘zga chiqib, Erasmus+ dasturining ta’lim, akademik mobillik va insonlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish orqali O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Erasmus+ dasturi doirasidagi kelgusi imkoniyatlar, xalqaro akademik hamkorlik va talabalar almashinuvining istiqbollari haqida mulohaza yuritdi. Shu bilan birga O‘zbekistonda Erasmus+ hamjamiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA