Xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘lida
Bugun Toshkent amaliy fanlar universitetida “Ijtimoiy-gumanitar fanlarning dolzarb masalalari va zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya yuqori saviyada tashkil etildi. Bu nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat transport universiteti hamda Germaniya, Buyuk Britaniya, Singapur, Turkiya, Malayziya, Latviya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Konferensiyada O‘zbekiston va xorijning taniqli olimlari, professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari, xalqaro ekspertlari hamda yosh izlanuvchilari ishtirok etib, ijtimoiy-gumanitar fanlar rivojining dolzarb masalalari yuzasidan ilmiy muloqot olib borishdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi globallashuv, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan sharoitda ijtimoiy-gumanitar fanlarning zamonaviy muammolarini ilmiy jihatdan tahlil etish, ilg‘or xalqaro tajribalarni ommalashtirish, fan, ta’lim va innovatsiyalar integratsiyasini kuchaytirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat bo‘ldi.
Anjuman doirasida ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha zamonaviy ilmiy tadqiqotlar natijalarini muhokama qilish; sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning ta’lim hamda ilmiy faoliyatdagi o‘rnini baholash; tarix, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va pedagogika sohalaridagi innovatsion yondashuvlarni ommalashtirish; mahalliy va xorijiy olimlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish;
yosh tadqiqotchilarni xalqaro ilmiy makonga integratsiyalash; qo‘shma ilmiy loyihalar va akademik almashinuv dasturlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Toshkent amaliy fanlar universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Abdusalom Umarov universitetning xalqaro maydondagi yutuqlari va istiqbolli rivojlanish yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Toshkent amaliy fanlar universiteti dunyoning TOP–1000 talik reytinglarida munosib o‘rin egallagan 10 ga yaqin nufuzli universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuv loyihalarini amalga oshirmoqda. Shuningdek, universitet tomonidan 30 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlar bilan memorandumlar imzolangan.
Bundan tashqari, mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar hamda ishlab chiqarish korxonalari bilan 10 dan ortiq strategik hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Ular asosida olib borilayotgan faoliyat ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Toshkent amaliy fanlar universitetning ilmiy salohiyati va akademik faoliyati xalqaro hamda milliy reytinglarda ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, “Uzbekistani National H-index Ranking – 2026” natijalariga ko‘ra, universitet Milliy H-indeks bo‘yicha 24 ko‘rsatkich bilan 28-, “Scopus” bazasidagi H-indeks bo‘yicha 29 ko‘rsatkich bilan 22-, “Web of Science” bazasidagi H-indeks 27 ko‘rsatkich bilan 17-, “Google Scholar” bazasidagi H-indeks bo‘yicha 29 ko‘rsatkich bilan 44-o‘rinni egallab turibdi. Bu ko‘rsatkichlar universitet olimlarining xalqaro ilmiy bazalardagi faolligi, ilmiy maqolalarga berilayotgan iqtiboslar soni hamda ilmiy tadqiqotlar samaradorligi yildan-yilga ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Konferensiyaning yalpi majlisi va 6 sho‘’ba yig‘ilishlarida sun’iy intellektning ijtimoiy fanlardagi o‘rni, raqamli ta’lim, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, lingvistika, tarjimashunoslik, tarixshunoslik, madaniy meros, xalqaro akademik hamkorlik va ilmiy innovatsiyalar bo‘yicha 100 dan ortiq ma’ruza tinglanib, muhokama qilindi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha xalqaro ilmiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlari shakllantiriladi. Qo‘shma ilmiy loyihalar va grant dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar kengaytiriladiyu Ilmiy maqolalar va konferensiya materiallari xalqaro ilmiy bazalarda e’lon qilinadi. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni ijtimoiy-gumanitar fanlarga integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun xalqaro ilmiy tarmoq va akademik hamkorlik imkoniyatlari kengayadi. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro ilmiy makondagi raqobatbardoshligi yanada mustahkamlanadi.
Ushbu xalqaro konferensiya ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar integratsiyasini kuchaytirish, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish hamda Yangi O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini global maydonda namoyon etishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy platforma sifatida e’tirof etildi.
Temur Mo`minov,
Toshkent amaliy fanlar uinversiteti
Tarix va filologiya fakulteti dotsenti.