Eng yaxshi tarbiyachilar saralandi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan fidoyi, tashabbuskor va yuqori salohiyatli pedagoglarni aniqlash, ularning kasbiy mahoratini oshirish hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan nizom asosida tashkil etildi. Unda tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlari hamda tarbiyachilar ishtirok etdi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilar “Eng namunali direktor o‘rinbosari”, “Eng yaxshi o‘yin orqali ta’lim beruvchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi” kabi 7 ta nominatsiya bo‘yicha o‘z bilim, tajriba va kasbiy salohiyatini namoyon qildi.
Tanlov nizomiga muvofiq ishtirokchilar bir necha shart asosida baholandi. Dastlab sohaviy bilim va pedagogik faoliyatga oid test sinovlari o‘tkazildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar o‘z nominatsiyasi doirasida maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, bolalarni har tomonlama rivojlantirish, o‘yinga asoslangan ta’lim usullarini joriy etish hamda innovatsion pedagogik texnologiyalarni qo‘llashga qaratilgan loyihalar taqdim qildi.
Tanlovning muhim bosqichlaridan biri sifatida pedagogik mahorat sinovlari tashkil etildi. Unda ishtirokchilar “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida ochiq mashg‘ulotlar o‘tkazib, bolalar bilan ishlash metodikasi, ijodkorligi va ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha o‘z mahoratini namoyon etdi.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari, innovatsion yondashuvlari, pedagogik mahorati hamda taqdim etilgan loyihalarning amaliy ahamiyatini belgilangan mezonlar asosida baholadi.
[gallery-29449]
Qayd etilganidek, mazkur tanlov maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va zamonaviy pedagogik tajribalarni keng ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, eng yuqori natija qayd etgan ishtirokchilar g‘olib va sovrindor deb topildi hamda respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA