Bugungi So‘x — yangilanishlar timsoli
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatining chekka hududlaridan biri sanalgan So‘x tumani bugun mutlaqo yangicha qiyofa kasb etmoqda. Ilgari transport va logistika imkoniyatlari cheklangan, iqtisodiy aloqalari nisbatan zaif bo‘lgan hududda bugun izchil islohotlar samarasida taraqqiyotning yangi bosqichi boshlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yil 9-aprel kuni So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilib, hududni kompleks rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Unda infratuzilmani yangilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ayni paytda tumanda 88,6 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida qariyb 14 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
So‘xda investitsiya muhitini yaxshilash va turizmni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Joriy yil 27–28-aprel kunlari davlatimiz rahbarining tumanga tashrifi chog‘ida ekoturizm, agroturizm va tibbiy turizm sohalaridagi salohiyatga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar ishtirokida zamonaviy master-reja ishlab chiqish va uch yillik rivojlantirish dasturini qabul qilish belgilandi.
— Tuman iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solish uchun investitsiya muhitini yanada yaxshilashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Adhamjon Safarov. — Joriy yilda 40 million dollar investitsiya jalb qilish, eksport hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish asosiy maqsadimizdir.
Xususan, Sarikanda, Rovon va Istiqlol mahallalari hududidan o‘tuvchi So‘x daryosi bo‘yida zamonaviy turizm ob’ektlarini barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, 130 gektar maydonda yirik eko-kurort majmuasi qurilishi boshlanmoqda.
Istiqbolli loyihalardan biri — “AK-MUS” turizm majmuasidir. 60 gektar maydonni egallagan ushbu maskan tog‘ bag‘rida joylashgan bo‘lib, zamonaviy dam olish infratuzilmasi bosqichma-bosqich barpo etilmoqda.
Tuman iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi ham muhim o‘rin tutadi. “Qayroq” massivida 100 gektar maydonda qora olxo‘ri bog‘i barpo etilayotir. Loyiha doirasida suv ta’minoti tizimi yangilanib, 200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Hushyor mahallasida esa “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida kooperatsiya yo‘lga qo‘yilib, kartoshkachilik va asalarichilik rivojlantirilmoqda.
[gallery-29450]
Umuman, turizm, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlik sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar So‘xning iqtisodiy qiyofasini tubdan o‘zgartirayapti. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar aholi farovonligida o‘z aksini topmoqda.
Bugun So‘x nafaqat chekka hudud, balki yangi imkoniyatlar eshigi ochilgan, jadal rivojlanayotgan zamonaviy makonga aylanmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA