Eng yaxshi o‘qituvchilar aniqlandi
Mamlakatimizda hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni voyaga yetkazishda ustoz-murabbiylarning bilim va mahoratini muntazam oshirib borish, ularning mashaqqatli mehnatini e’zozlash, rag‘batlantirish muhim masalalardan biridir.
Mamlakatimizda hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni voyaga yetkazishda ustoz-murabbiylarning bilim va mahoratini muntazam oshirib borish, ularning mashaqqatli mehnatini e’zozlash, rag‘batlantirish muhim masalalardan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi”, “Yilning eng yaxshi maktabi”, “Yilning eng yaxshi psixologi” kabi ko‘rik-tanlovlar o‘z bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlari, ko‘z nuri va qalb qo‘ri, butun borlig‘ini ayamasdan, ma’rifat yo‘lida beminnat xizmat qilayotgan pedagoglar mehnatini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichida turli fanlardan mahoratli pedagoglar saralandi.
Mazkur ko‘rik-tanlovda kamida uch yillik pedagogik ish tajribasiga ega, oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ishtirok etishi tanlov nizomida belgilangan. Shuningdek, o‘quvchilarining davlat ta’lim standartlari talablarini o‘zlashtirish darajasi 76 foizdan yuqori bo‘lgan, shogirdlari "Bilimlar bellashuvi" tanlovida tuman (shahar), viloyat, respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan muallimlar, "ustoz-shogird" tizimining ustozlari, ish tajribasida qo‘llagan yangiliklari o‘rganilib, ko‘rik-tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan o‘qituvchilar qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Poytaxtimizdagi 288-umumta’lim maktabida kimyo fanidan tashkil etilgan tanlovda 11 nafar ishtirokchi o‘z bilim va mahoratini namoyish etdi. Shu bilan birga, hay’at a’zolari tomonidan qatnashchilarning murakkab mavzular bo‘yicha ochiq darslar tashkil qilishi, zamonaviy axborot texnologiyalari, interfaol usullarni amaliyotga joriy etishi, dars jarayonida ta’lim va tarbiya uyg‘unligini ta’minlay olishi, yoshlar ongiga vatanparvarlik, el-yurt taqdiri uchun daxldorlik, milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarimizga hurmat tuyg‘ularini singdirish mahorati baholandi.
– Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jismonan va ma’nan sog‘lom, aqlan yetuk avlodni tarbiyalashga qaratilgan yangi ta’lim modeli maktab atalmish ulug‘ dargohda mehnat qilayotgan o‘qituvchi, murabbiylar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi ko‘rik-tanlovning shahar bosqichi g‘olibi, Chilonzor tumanidagi 103-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Emine Adjamambetova. – Shu bois taqdirini ta’lim-tarbiya sohasi bilan bog‘lagan har bir o‘qituvchi tinimsiz o‘z ustida ishlashi, bilim-ko‘nikmalarini muntazam oshirib borishi zarur. "Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi" ko‘rik-tanlovi biz, pedagoglarni mana shu mas’uliyatni yanada teran anglashga undayotgani bilan ham ahamiyatlidir.
G‘oliblar ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.