Eng istiqbolli startaplar qo‘llab-quvvatlandi
Sirdaryo viloyatida yoshlarning innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida navbatdagi “Pitch Day” – startap loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatning shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan iqtidorli yoshlar, IT sohasi mutaxassislari hamda yaqinda o‘tkazilgan “AI Hackathon” tanlovi ishtirokchilari o‘zlarining innovatsion ishlanmalari bilan qatnashdilar.

Taqdimot davomida sog‘liqni saqlash, ta’lim, kiberxavfsizlik, tadbirkorlik va raqamli xizmatlar yo‘nalishlarini qamrab olgan jami 22 ta startap loyiha namoyish etildi. Loyihalarning dolzarbligi, yangiligi, amaliy ahamiyati va hayotga tatbiq etish imkoniyatlari atroflicha baholandi.
Yakunda 19 ta istiqbolli loyiha tegishli boshqarma va tashkilotlarga biriktirilib, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha mas’ullar belgilandi. Bu esa yoshlar tomonidan yaratilgan innovatsion g‘oyalarni real natijaga aylantirish, zamonaviy yechimlarni amaliyotga tatbiq etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Shuningdek, eng yaxshi deb topilgan 3 ta startap loyihasi mualliflariga faoliyatini yanada rivojlantirish uchun zamonaviy ofis xonalari hamda yuqori quvvatli kompyuter jamlanmalari taqdim etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri