Qarzdor ota Toshkentda topildi
Sirdaryo viloyatida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, davlat ijrochisidan yashirinib yurgan qarzdor ota Toshkent shahrida o‘tkazilgan qidiruv tadbirlari davomida aniqlandi.
Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi Qidiruv sho‘’basi ma’lum qilishicha, sud qaroriga muvofiq fuqaro B.O.dan voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Ijro hujjati asosida Majburiy ijro byurosining Sirdaryo tuman bo‘limi tomonidan tegishli ijro harakatlari amalga oshirilgan.

Qarzdor sud qarori mazmuni bilan tanishtirilganiga qaramasdan, belgilangan muddatlarda aliment to‘lovlarini amalga oshirmagan. Shuningdek, davlat ijrochisining chaqiruvlariga kelmagani hamda yashirinib yurgani sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida qarzdorning Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi choyxonalardan birida mehnat faoliyati olib borayotgani aniqlanib, u shu yerning o‘zida topildi.
Ma’lum bo‘lishicha, qarzdorning ish beruvchisi — choyxona rahbari uning 10 million so‘m miqdoridagi aliment qarzdorligini to‘liq qoplab bergan.
Natijada aliment qarzi to‘liq undirildi. Qarzdor rasman ogohlantirilib, kelgusida aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, unga nisbatan e’lon qilingan qidiruv bekor qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri