Energetikadagi islohotlar investorlar uchun imkoniyat yaratmoqda
Barqaror energiya ta’minoti mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va aholi farovonligini ta’minlashning bosh garovidir. So‘nggi o‘n yil ichida energetika bozori xususiy kapital uchun ochilib, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari muvaffaqiyatli joriy etildi. Natijada sohaga 35 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilindi. Ayni paytda quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning umumiy generatsiyadagi ulushi 31 foizga yetdi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida joriy yilning 16-oktabr kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi islohotlarni jadallashtirish va sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish yuzasidan sarmoyadorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda alohida qayd etildi.
Darhaqiqat, bugungi kunda yangi energiya ob’ektlari uchun malakali mutaxassislar tayyorlash hamda loyihalarga xorijiy investorlar ishtirokini yanada kengaytirish strategik ahamiyatga ega.
Anjumanda dunyoning 200 dan ortiq yirik xorijiy sarmoyadorlari va energetika sohasining yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Biz ular orasidan Turkiyaning mashhur “Cengiz Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mehmet Jengizning fikr va mulohazalariga qiziqdik:
– Zamonaviy issiqlik elektr stansiyalarini barpo etish hamda elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalar hamisha dolzarb hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida energetika sohasidagi investitsiyaviy hamkorlik juda samarali davom etmoqda. Hozirda mahalliy hamkorlarimiz bilan birgalikda umumiy quvvati yuqori bo‘lgan yirik elektr stansiyalari loyihalarini hayotga tatbiq etyapmiz. Dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham sohada qisqa fursatda ulkan loyihalar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik. Prezident bilan o‘tgan o‘zaro muloqotimiz davomida nafaqat energetika, balki geologiya va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini ham batafsil muhokama qildik, – dedi Mehmet Jengiz.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA