Energetika tizimida xavfsizlik va qonuniylik ustuvor
Energetika tizimi mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi hayoti barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shu bois energiya resurslaridan tejamkor va oqilona foydalanish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik bilan bir qatorda, tarmoq ob’ektlarida xavfsizlik me’yorlariga qat’iy rioya etish ham asosiy talablardan biridir.
Mazkur vazifalarning amaldagi ijrosi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan hududlarda muntazam o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida o‘rganilmoqda. Bunda, avvalo, xavfsizlik talablariga rioya etilishi hamda energiya resurslaridan qonuniy foydalanilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanidagi 237-sonli transformator punktida ta’mirlash ishlarini olib borayotgan brigada tomonidan ish joyi belgilangan tartibda tayyorlanmagan holda xavfsizlik texnikasi qoidalari buzilayotgani aniqlandi. Inson hayoti va salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mazkur holat yuzasidan brigada ish joyidan chetlashtirildi.
Namangan shahridagi 546-sonli transformator punktida ham xavfsizlik talablariga rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi. Xususan, ta’mirlash ishlarini bajarayotgan xodimlar belgilangan himoya vositalarisiz ishlayotgani aniqlanib, ular ham ish joyidan chetlashtirildi.
Nazorat tadbirlari nafaqat energetika ob’ektlaridagi xavfsizlik holatini, balki energiya resurslaridan qonuniy foydalanish masalalarini ham qamrab olyapti. Masalan, Andijon viloyatining Jalolquduq tumanida o‘tkazilgan shunday o‘rganishlarda fuqaro X. N.ga qarashli novvoyxona tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan, o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulangan holda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Mazkur qoidabuzarlik oqibatida gaz ta’minoti korxonasiga 429 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Shu kabi qoidabuzarliklar Jizzax viloyatining Sh. Rashidov tumanida ham aniqlandi. Bu yerda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq bir nechta holatga chek qo‘yildi. Xususan, “O. E. Ch.” MCHJga qarashli suv nasoslari o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulangani va 338 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, shu hududda “M. P. G.” fermer xo‘jaligiga qarashli suv nasoslarida ham belgilangan tartibni buzish holati qayd etildi. Ushbu qoidabuzarlik natijasida ta’minot korxonasiga 124,5 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Nazorat davomida “D. D.” fermer xo‘jaligiga qarashli noturar binoda ham elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur holat natijasida yetkazilgan zarar miqdori 378,6 million so‘mni tashkil qildi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Bu borada nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA