O‘zbekiston – Xitoy: ilm-fan va sanoat integratsiyasi yangi bosqichga chiqmoqda
So‘nggi yillarda jahonda dorivor o‘simliklardan samarali foydalanish, ularni yetishtirishning ilmiy asoslarini takomillashtirish va qayta ishlash jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga bo‘lgan e’tibor ortib bormoqda. Bu yo‘nalish farmatsevtika va kimyo sanoati rivojida muhim omillardan biri sifatida qaraladi.
Shu sababli, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion yechimlar asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish dolzarb vazifalardan.
Poytaxtimizda tashkil etilgan “Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ulardan foydalanishning dolzarb masalalari” mavzusidagi O‘zbekiston – Xitoy xalqaro simpoziumida aynan shu masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Ikki tomon olimlari, professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari, shuningdek, farmatsevtika hamda kimyo sanoati vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda dorivor o‘simliklarni chuqur o‘rganish, ularni sanoat ehtiyojlariga mos holda yetishtirish, qayta ishlash texnologiyalarini takomillashtirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish istiqbollari muhokama qilindi.
Ayniqsa, muhokamalar jarayonida ilmiy tadqiqotlar natijalarini iqtisodiyotning real sektoriga tatbiq etish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy qilish va sohada ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda nafaqat fundamental tadqiqotlar olib borish, balki ularning amaliy samaradorligini ta’minlash, iqtisodiy va sanoat natijadorligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.
Simpoziumda “O‘zkimyosanoat” AJning innovatsiya va yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘limi vakillari ham ishtirok etdi. Ular ilm-fan sohasidagi zamonaviy yechimlarni ishlab chiqarish jarayonlariga integratsiya qilish, yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan o‘z qarashlarini bildirdi.
– Bugungi kunda “O‘zkimyosanoat” AJ tizimida yuqori texnologiyali, import o‘rnini bosuvchi va eksport salohiyati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayonda mahalliy xomashyo resurslaridan samarali foydalanish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini sanoatga joriy etish va innovatsion yondashuvlarni qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur xalqaro simpozium esa dorivor o‘simliklar sohasidagi ilmiy va amaliy hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish hamda mamlakatimiz kimyo va farmatsevtika sanoatining raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi, – dedi jamiyat bosh mutaxassisi Davron Qoraboyev.
Ta’kidlash kerakki, simpozium ikki mamlakat mutaxassislari uchun tajriba almashish, amaliy ahamiyatga ega ilmiy ishlanmalarni muhokama qilish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni shakllantirishga xizmat qiluvchi samarali muloqot maydoni vazifasini o‘tadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA