Xalqaro adabiy forum o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Do‘rmon bahori” beshinchi xalqaro adabiy forumi tashkil etildi.
Bu yilgi forum ko‘lamini yanada kengaytirish, adabiy nashrlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda o‘zbek va qardosh xalqlar adabiyotining sara namunalaridan rus tiliga qilingan tarjimalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida forumga Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda rus tilida chop etilayotgan adabiy nashrlar — “Prostor” va “Pamir” jurnallari, “Bishkek” almanaxi vakillari taklif etildi.

— Prezidentimiz badiiy tarjima san’ati rivojiga katta e’tibor qaratmoqda, — dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. — Ushbu yo‘nalishda Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning ta’sis etilgani badiiy tarjima san’atini yangi, yanada yuqori pog‘onaga olib chiqishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bu yilgi adabiy forumda qardosh mamlakatlardan ham ijodkorlar qatnashmoqda. Tarjimon o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. U satrlar ichiga qalbi va ruhiyati bilan singib ketib, asarni xuddi o‘z tilidagidek bayon qilgandagina badiiy tarjima mukammallik kasb etadi. Dunyoda ma’naviy ko‘priklar ko‘p, lekin ular orasida tarjimonlik xalqlarni va ijodkorlarni bir-biriga yaqinlashtirishda alohida o‘rin egallaydi. Haqiqiy tarjimon asarni yuksaklarga ko‘taradi. Ushbu forum tarjima sohasidagi ijodkorlarning muloqoti uchun muhim ijodiy platforma bo‘lib xizmat qilishi tayin.

Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adiba va tarjimon, taniqli publitsist Risolat Haydarovaning fikricha, xalqaro forumdan ko‘zlangan maqsad ko‘p millatli O‘zbekistonning zamonaviy adabiy muhiti va uning o‘ziga xos qiyofasini asrab-avaylash, turli millat adiblari o‘rtasidagi ijodiy muloqotni rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, shoir va yozuvchilar ijodini yanada kengroq miqyosda tanitish, shuningdek, nufuzli va yosh yozuvchilar hamda tarjimonlar o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
— Ushbu forum tarjimonlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishida muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi Qozog‘istonda nashr etiluvchi “Prostor” jurnali bosh muharriri Lyubov Shashkova. — Forumda ishtirok etayotganimdan g‘oyat mamnunman. Ijodkorlar muloqoti soha rivojida katta o‘rin egallaydi.

Aytish kerakki, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida qozoq, tojik va rus adabiyoti bo‘yicha ijodiy kengashlar mavjud bo‘lib, ular atrofida shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunoslar va dramaturglar birlashib, o‘z ona tillarida asarlar yaratib kelmoqda. Ular O‘zbekiston adabiy jarayonida munosib o‘rin egallab, mamlakatimiz madaniy-ma’naviy hayotini o‘z asarlari bilan boyitib kelmoqda.
Rus tilida ijod qilgan shoir va yozuvchilar — Zoya Tumanova, Yavdat Ilyosov, Aleksandr Faynberg, Mixail Gar, Raim Farhodiy merosi mamlakatimiz ma’naviy boyligining ajralmas qismi.
O‘zbekistonda yashayotgan shoir, yozuvchi va tarjimonlar rus tilidagi tarjimalari orqali o‘zbek adabiyotini xorijda targ‘ib etishga katta hissa qo‘shdi. Bugungi kunda Nikolay Ilin, Bax Ahmedov, Larisa Yusupova, Rifat Gumerov kabi ijodkorlar o‘zbek adabiyotining faol tarjimonlaridir.
Shuningdek, o‘zbek tarjimonlarining mehnatlari samarasi o‘laroq Natalya Beloyedova, Galina Dolgaya, Yevgeniy Abdullayev asarlari ham kitobxonlarimizga yaxshi tanish bo‘lib qolgan.
Forum doirasida Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda rus tilida chop etiluvchi adabiy nashrlar taqdimotlari, o‘zaro hamkorlik borasida muzokaralar, “Liteffekt” adabiy seminari qatnashchilarining taqdimotlari, o‘zbek she’riyati tarjimasi muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzalar, yozuvchi Aleksey Ustimenko xotirasiga bag‘ishlangan adabiy tadbir, Umumrossiya kinematografiya universitetining Toshkentdagi filiali talabasi Ibrohim Husanboyevning “Ilon” filmi namoyishi, she’riyat va musiqa kechasi o‘tkaziladi.
Forumda so‘zga chiqqanlar zamonaviy ko‘p millatli adabiyotning bugungi kuni, O‘zbekiston va qardosh mamlakatlar adabiyotining birgalikda rivojlanishi istiqbollari, xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari xususida fikr yuritdi.
“Do‘rmon bahori” forumi davomida qator ijodkorlarning kitoblari taqdimotlari, yosh qalamkashlar uchun mahorat saboqlari ham o‘tkaziladi.
Nazokat Usmonova, O‘zA