Endi uy uchun to‘langan pullar quruvchida emas, banklarda saqlanadi
Bugun mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami kengayib, ko‘p qavatli uylar qurilishi ko‘payib bormoqda. Bu jarayonda esa qurilish sifati va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning sarmoyalarini uy-joy qurilishiga jalb etishda ishonchli himoya qilish muhim masalalardandir.
Amaliyotda ko‘pgina uylar qurilish bosqichida sotilyapti. Qurilish bosqichida uy sotib olish katta xarajat bo‘lishi bilan birga, turli xavflardan ham xoli emas. Ba’zan bir xonadon bir nechta fuqaroga sotilgan holatlar ham uchramoqda. Ayrim qurilish ob’ektlari belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilmayapti. Ko‘p kvartirali uylarni va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish sohasidagi munosabatlar alohida qonun bilan tartibga solinmagan. Shu bois ba’zan fuqarolar uy-joy sotib olish jarayonida muammolarga duch kelmoqda.
Bu borada davlat tomonidan fuqarolarning mablag‘larini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, tegishli qoidalarni o‘rnatish hamda quruvchilarning majburiyatlarini belgilash lozim bo‘ladi. Shu maqsadda “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mazkur qonun loyihasi bilan ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish sohasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda. Unda ulushli qurilish munosabatlari ishtirokchilarining, davlat organlarining huquq va majburiyatlari, vakolatlari, o‘zaro munosabatlariga oid qoidalar aniq belgilanmoqda. Xususan, ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarining ulush kiritish asosida qurilishiga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qilishga oid muhim qoidalar nazarda tutilmoqda.
Fuqarolarning ulushli qurilishga kiritgan mablag‘larini kafolatli himoya qilinishi mexanizmlari belgilanmoqda. Jumladan, fuqarolarning pul mablag‘lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchi ixtiyorida emas, balki banklarda ochiladigan eskrou hisobvarag‘i orqali saqlanadi. Qurilish belgilangan talablar asosida amalga oshirilib, ob’ekt foydalanishga topshirilganidan keyin mablag‘lar quruvchiga o‘tkaziladi. Bu qurilishda kechikishlarning oldini olish va aholi sarmoyalarini himoya qilishda muhim.
Loyihaga ko‘ra, ulushli qurilishga oid ma’lumotlarning Yagona axborot tizimida joylashtirilishi ta’minlanadi. Bu fuqarolarga quruvchi, qurilish ob’ekti va loyihaning amalga oshirilishi haqidagi muhim ma’lumotlar bilan ochiq tanishish imkonini beradi.

Quruvchi faqat Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan va bank bilan bitim tuzgan taqdirdagina aholi mablag‘larini jalb qilish huquqiga ega bo‘lishi shart qilib qo‘yilyapti. Ulushli ishtirok etish shartnomasi notarial tasdiqlanadi hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bu bir ob’ektning takroran sotilishi, noqonuniy shartnomalar tuzilishi kabi holatlarning oldini oladi.
Agar quruvchi qonun talablarini buzsa, fuqaro o‘z pullarini foizlari bilan qaytarib olish yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Qurilish to‘xtab qolmasligi uchun bank yoki quruvchini almashtirish bo‘yicha moliyaviy mexanizmlar yaratilmoqda. Bu esa qurilish to‘xtab qolishining oldini olish va ulushdorlar manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Umuman, loyihadagi normalar fuqarolarning uy-joy qurilishiga kiritgan mablag‘larini ishonchli huquqiy va moliyaviy mexanizmlar orqali himoya qiladi, qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini oshiradi.
Muhtarama Komilova, O‘zA