Bishkekda O‘zbekiston – Qirg‘iziston ekspertlar kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi
Bishkek shahrida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston: strategik sheriklik va uni yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzusida O‘zbekiston–Qirg‘iziston ekspertlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazildi va unda Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bo‘lim boshlig‘i Azamat Toshev ham ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan.
A.Toshev yig‘ilishda “O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish – mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaning asosi” nomli ma’ruzasida Markaziy Osiyoda transport-logistika yo‘nalishlari va iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari xususida so‘z yuritdi.

Ekspertning ta’kidlashicha, bugungi kunda oliy darajadagi siyosiy muloqot juda jadal sur’atlarda rivojlanib, ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari uchun strategik yo‘nalishni belgilab bermoqda.
Barqarorlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim bosqich sifatida 2025-yilda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari tomonidan “Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasi” imzolandi. Unda tomonlar nafaqat mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, balki savdo-iqtisodiy hamda transport-logistika aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishlarini mustahkamlab qo‘ydilar.
MOXI vakilining fikricha, jahon iqtisodiyoti transformatsiyasi sharoitida aynan transport o‘zaro bog‘liqligi mintaqaning barqaror o‘sishi va raqobatbardoshligini ta’minlovchi asosiy omilga aylanmoqda. Shu bois, o‘lkamiz “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish, Transafg‘on transport loyihasi hamda O‘rta yo‘lak (Middle Corridor) kabi tashabbuslarni amalga oshirishga ustuvor ahamiyat qaratadi. Ushbu loyihalar Markaziy Osiyo uchun yagona transport tarmog‘ini shakllantirishga xizmat qiladi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li har yili 15 million tonnagacha yuk tashish imkonini beradi, yuk yetkazib berish masofasini taxminan 900 kilometrga qisqartiradi hamda yuklarni tashish muddatini sezilarli darajada kamaytiradi. Bu esa mazkur loyihaning amaliy ahamiyatini nafaqat ishtirokchi uch davlat, balki butun Markaziy Osiyo makoni uchun ham yanada oshiradi.
So‘zining yakunida Azamat Toshev avtomobil va temir yo‘llarni qurish hamda modernizatsiya qilish, davlat chegaralaridagi o‘tkazish punktlarini rivojlantirish va boshqa infratuzilma ob’ektlarini barpo etishni nazarda tutuvchi strategik ahamiyatga ega mintaqalararo loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladi.
O‘.Alimov, O‘zA